20:10 / 27.08.2017
5963

Texaslik juftlik bir yarim yilda uch marta toshqinlar sabab to‘yni bekor qildi

Foto: Jenny Swarers/Facebook

Amerikaning Texas shtatida yashovchi sevishganlar o‘tgan yilning aprelidan buyon uch marta suv toshqinlari sabab rejalashtirilgan to‘y marosimini bekor qilishlariga to‘g‘ri keldi. CNN telekanali shu haqida xabar berdi

Jyenni Suares va Dastin Morgan 2016 yilning aprel oyidan beri to‘y qilishga harakat qilishadi. Yoshlar maktabda o‘qib yurgan kezlarida tanishishgan va 5 yilcha avval uchrasha boshlashgan. Ular fotihadan keyin bir yil davomida o‘z orzularidek to‘yni rejalashtirishdi, biroq Sabin daryosining o‘z qirg‘oqlaridan toshib ketishi ularning rejalarini barbod qildi. Kelinning so‘zlariga ko‘ra, tantanalarni o‘tkazish rejalashtirilgan joyda suv sathining balandligi deyarli ikki metrga yetgan. Juftlik to‘yni bir yil keyinga qoldirib, uni xuddi shu joyda o‘tkazishga qaror qilgan.

Ikkinchi marta to‘yni qoldirishga esa, ishchilarning o‘tgan safargi suv toshqini natijasida ziyon yetgan joylarni qayta ta'mirlashga ulgurmagani sabab bo‘lgan. 

To‘y tantanalari shanba kunga Hyustonga ko‘chirildi. Unga 150 nafar mehmon taklif qilingan edi. "Xarvi" dovuli haqidagi xabarlardan keyin taklif qilinganlar ro‘yxati dastlab 40, keyin esa 15 kishiga qisqardi. Keyinroq esa ruhoniy ham marosimda ishtirok etishdan bosh tortdi. 

"Ruhoniy marosimda ishtirok etishdan voz kechganida unga Skype orqali qo‘ng‘iroq qilish haqida o‘yladik... Biroq baribir tantanani bekor qilishimiz kerakligini bilardik", - deydi Suares. "Biz "Xarvi"ning g‘alabasini anglab yetdik", - qo‘shimcha qiladi kelin. 

Telekanalning xabar berishicha, juftlik to‘y qilish uchun endi Las-Vegasga parvoz qilmoqchi. "U yerda suv toshqini xavfi yo‘q", - deydi kuyov.

AQSh Dovullardan ogohlantiruvchi milliy markazi (NHC) ning ma'lum qilishicha, "Xarvi" tropik bo‘ron darajasida zaiflashgan. Sinoptiklar shuningdek "favqulodda jiddiy suv toshqinlari" xavfidan ogohlantirishmoqda. 

"Xarvi" so‘nggi 12 yilda AQSh hududida kuzatilgan eng kuchli dovul bo‘ldi. 

Top