17:04 / 28.08.2017
8754

Hindistonda sekta yetakchisi zo‘rlash uchun 10 yilga qamaldi, sud tufayli yuz bergan tartibsizliklarda 38 kishi halok bo‘ldi

Foto: aninews.in

«Dera Sasha Sauda» hind sektasi yetakchisi Ram Raxim Singx ikki tarafdorini zo‘rlash bo‘yicha ayblov bilan 10 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi. Bu haqda Hindistonning ANI agentligi xabar bermoqda.

«Dera Sasha Sauda» hukm e'lon qilinishidan avval o‘z tarafdorlariga sud qarorini «tinch yo‘l bilan qabul qilish» haqida chaqiriq bilan chiqqan.

Hukm sekta yetakchisi saqlanayotgan qamoqxona binosida chiqarildi. Sudya u yerga vertolyot yordamida yetkazildi. Qamoqxona yonida tartibni armiya va politsiya saqlab turgan.

Hindiston shimolidagi Xaryana shtatida joylashgan Panchkula va Sirsa shaharlarida sud jarayoni ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqardi. Sekta tarafdorlari do‘konlarni talashib, uylar va avtomobillarga o‘t qo‘yishdi, politsiyachilarga hujum qilishgan. Hukumat tartibni o‘rnatish uchun armiyani jalb qilishga majbur bo‘ldi. To‘qnashuvlarda 38 inson halok bo‘ldi, taxminan 250 nafar inson jabrlandi.

Raxim ustidan sud 2002 yilda ikki ayolni zo‘rlash holati bo‘yicha o‘tkazildi. Ish faqatgina oradan besh yil o‘tib ochildi. Sekta yetakchisi aybsiz ekanini iddao etmoqda.

Ma'lumot uchun, Hindistonda «Dera Sasha Sauda»ning o‘nlab million tarafdorlari bor.

Top