16:13 / 28.08.2017
22737

Qo‘qondagi yosh oilalardan birida birvarakayiga uch farzand dunyoga keldi

Qo‘qon shahridagi “Yangi chorsu” mahallasida istiqomat qiluvchi Qayumovlar xonadonida bugun bayram. Bir yil oldin oila qurishgan yoshlar oilasida birvarakayiga uch qizaloq dunyoga keldi. Yosh oila qizaloqlarga Fotima, Zuhra va Soliha deb ism qo‘yishdi. 

Shunisi e'tiborga molik-ki, uch aka-uka bitta xonadonda ahil va inoq yashashadi. Chaqaloqlar kenja ukaning oilasida dunyoga keldi. Ushbu yangilikdan xabar topgan Qo‘qon shahar hokimligi darhol mahalla faollari va hokimlik xodimlari shaxsan shahar hokimi Rahmatali Jalilov boshchiligida yosh oiladan xabar olishdi va yangi «mehmon»larga sovg‘a-salomlar ulashishdi.

Shahar hokimligi a'zolari oilaning yashash sharoitiga o‘zlari guvoh bo‘lishgach, yosh kelin-kuyovga yoshlar uchun ajratilayotgan uy masalasida yaqindan yordam berishni va'da qilishdi. 

«Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlab berilgan va olib borilayotgan xayriya ishlariga joylardagi hokimliklar ham qarab turmasdan, o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, holimizdan xabar olayotganlari tahsinga loyiq», — deyishdi baxtdan masrur kelin-kuyov Jaloliddin va Odinaxon Qayumovalar.

Eslatib o‘tamiz, yaqindagina Andijon shahrida oila bir yo‘la to‘rt egizak farzand ko‘rgani haqida xabar bergan edik.

O‘z muxbirimiz

Top