11:44 / 28.08.2017
14996

Non ichida tamaki mahsulotini olib chiqishga uringanlar fosh etildi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Fuqarolar Sh.Mamatsoyeva va A.Umarovlar nafsi yo‘lidan borib, nondek aziz ne'matdan qing‘ir maqsad yo‘lida foydalanishga urinishdi, deb xabar bermoqda “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Istanbulga parvozi oldidan ushbu shaxslarning bezovtalanishi bojxonachilarda shubha uyg‘otdi. Bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida ularga tegishli bagajlarning nazorat-rentgen apparati ekranidagi shubhali tasvirlari sababli yuklar xolislar ishtirokida ochib ko‘rildi.

Natijada, ushbu shaxslar bojxona xodimlarining ko‘zini shamg‘alat qilishga urinib, 2 turdagi tamaki mahsulotlarini nonlar orasiga bekitishgani fosh bo‘ldi. Shuningdek, uddaburonlar sigaretlarni karton qutilardagi pechenelar orasiga hamda poyafzallar ichiga ham yashirishgan ekan.

Shu tarika, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etmasdan Sh.Mamatsayeva 560 quti, A.Umarov esa 500 quti tamaki mahsulotlarini yashirincha olib chiqishga urinishgan paytda to‘xtatib qolindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Bundan tashqari, “Toshkent-Istanbul” reysi bo‘yicha parvozi oldidan fuqarolar I.Qo‘ldosheva va X.Manonovalar ham tamaki mahsulotlarini bojxona nazoratidan chetlab, olib chiqmoqchi bo‘lishganda to‘xtatib qolindi.

Bojxona xodimlarini chalg‘itishga uringan I.Qo‘ldosheva 700 quti, X.Manonova esa 880 quti tamaki mahsulotlarini quruq choy qadoqlari ichiga bekitishgan ekan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 100 ga yaqin bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati salkam 200 mln. so‘mlik 39,8 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar o‘zlari bilan olib o‘tayotgan tovarlar haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma'lum qilishlari shart. Bu talab tamaki mahsulotlariga ham birdek taalluqli.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 22722-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarni deklaratsiyalamaslik yoki noto‘g‘ri deklaratsiyalash, ya'ni tovarlar, ularning bojxona rejimi va boshqalar haqida bojxona maqsadlari uchun zarur bo‘lgan belgilangan yozma, og‘zaki yoki boshqa shakldagi ma'lumotlarni bermaslik yoxud noto‘g‘ri ma'lumotlar berish, agar jinoyat alomatlari bo‘lmasa, fuqarolarga tovarlarni musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Top