19:26 / 28.08.2017
18599

Toshkent viloyati IIB boshlig‘i Nishonboyevning hisoboti e'lon qilindi

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik S.A. Nishonboyevning “Ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyati haqida”gi joriy yil 7 oylik yakunlariga bag‘ishlangan hisoboti e'lon qilindi. 

Unda ta'kidlanishicha, Toshkent viloyati ichki ishlar organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, konstitutsiyaviy tuzumni, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini himoya qilish, xavfsizlikni ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishlarida muayyan ishlar amalga oshirilgan. 

Buning natijasida o‘tgan davr mobaynida:

– bevosita profilaktika inspektorlari tomonidan 462 ta jinoyat fosh etilib, 76 nafar qidiruvdagi shaxslar qo‘lga olindi;

– birgina mahalla posbonlari tomonidan 2 ming 712 ta turli huquqbuzarliklar aniqlandi, ularning bergan xabarlariga asosan 140 ta jinoyat fosh etildi;

– fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi yarashtirish komissiyalari tomonidan 1 ming 951 ta oila-turmush doirasidagi mojaroli masalalar ko‘rib chiqilib, 712 ta oilalardagi notinchliklarga barham berildi va 311 ta oilalar ajralishdan saqlab qolindi.

Voyaga yetmaganlar hamda xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatlar soni 126 tadan 90 taga (28,6 foizga), ayollar tomonidan jinoyatlar sodir etish ko‘rsatkichi esa o‘tgan yilga nisbatan 906 tadan 804 taga (11,3 foizga) kamayishiga erishilgan.

Joriy yil 1 avgust kuniga qadar jinoyat sodir etib qidiruvda yurgan shaxslardan 732 kishi ushlangan.

Toshkent viloyati IIB boshlig‘i hisobotining to‘liq matni bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasi saytida tanishishingiz mumkin. 

Top