15:28 / 28.08.2017
15737

Uyushmagan yoshlar qatlami: uni vujudga kelishiga nimalar sabab bo‘ldi?

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston ijtimoiy hayotida vujudga kelgan va uzoq vaqtlar davomida o‘z yechimini topmayotgan jiddiy va murakkab muammolardan biri — yoshlarning katta qismi demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonidan chetda qolib ketayotganligiga jamiyatimiz e'tiborini qaratishi — bu xalqimiz hayotiga qo‘shimcha toza havo kirib kelishidan dalolatdir.

An'anaviy tarzda respublikamiz uchun muammoli hisoblangan murakkab demografik holat jahon moliyaviy inqirozi ta'sirida yana ham keskinlashdi va aholi tarkibida uyushmagan yoshlar qatlami, deb ataladigan ijtimoiy voqelikni vujudga keltirdi. Global inqiroz asoratlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ushbu omil yetarli darajada inobatga olinmaganligi, investitsiyalar, birinchi navbatda, yuqori material va energiya sig‘imiga ega bo‘lgan sohalarga jalb etilgani, ichki bozorni sifatli va cho‘ntakbop mahsulotlar bilan to‘yintirish, mehnat sig‘imi yuqori bo‘lgan yengil sanoat korxonalarini rivojlantirishga ikkinchi darajali vazifa sifatida qarash, mamlakatimiz mehnat bozoridagi muvozanatning buzilishiga olib keldi.

Buning isboti sifatida quyidagi misolni keltirish mumkin. Agar mustaqillikning dastlabki yillarida 17 ta sanoat korxonasi yiliga 30 million juft poyafzal ishlab chiqargan bo‘lsa, 2016 yilga kelib «O‘zbekcharmpoyafzali» AK korxonalari tomonidan 3 million juftga yaqin poyafzal ishlab chiqarilgan. Jumladan, Samarqand poyafzal fabrikasida 20 yil oldin 2 mingga yaqin kishi ish bilan band bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib 1,5 gektarda joylashgan va ixtisosi o‘zgargan korxonada 30 kishiga yaqin odam ishlamoqda.

Aholining yarmidan ko‘prog‘i qishloq joylarda yashashi inobatga olinmaganligi, agrar sohaga ilmiy asoslangan erkin iqtisodiy munosabatlarni qat'iyat bilan joriy etilmaganligi ham vujudga kelgan holatning asosiy sabablaridandir.

Qishloq xo‘jaligining tashkiliy sektorida aholining atigi 15 foizi band ekanligini, shu bilan birga qishloq tumanlaridagi agrosanoat korxonalarining aksariyati to‘xtab qolganligini va ushbu soha tomonidan aholini qamrab olish darajasi juda past ekanligini e'tirof etishdan boshqa iloj yo‘q. Agrar sohadagi kamchiliklar o‘ta murakkab va og‘ir nomutanosiblikning vujudga keltirganligi, ya'ni mamlakat aholisi o‘z daromadlarining 60 foizdan ko‘prog‘ini oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga sarflashga majbur bo‘layotganini tan olish lozim, bu esa boshqa mehnat sig‘imi yuqori bo‘lgan sohalar rivojiga salbiy ta'sir etmoqda.

Iqtisodiy masalalarni bozor munosabatlari nuqtai nazaridan emas, balki markazlashgan, rejali iqtisodiyot nuqtai nazaridan yondashish turli nomutanosibliklarni keltirib chiqardi. Jumladan, paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining aksariyati agronom va buxgaltersiz ishlayotgani, natijada paxta hosildorligi pasayib ketishiga nima sabab bo‘layotganini tushunib olish qiyin emas.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, YaIMning mavjud yillik hajmi va shakllangan tarkibiy tuzilishi doirasida respublikamizning mehnatga layoqatli aholisining faqat 70 foizini (hayotiy ehtiyojlarni yetarli darajada qondirishga yetadigan ish haqi to‘lash sharti bilan) iqtisodiyotning tashkiliy sektor korxonalari bilan qamrab olish mumkin.

To‘qimachilik korxonalarida ishlaydigan minglab ishchilarning o‘rtacha oylik ish haqi 450 ming so‘m atrofida bo‘lib, oilali yoshlarga bu maosh bilan ro‘zg‘or tebratish qiyin kechayotganini inobatga olib, ish haqini ko‘tarish masalasini hal etish lozim.

Keng jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan masalaning dolzarbligi shundaki vujudga kelgan vaziyatda jinoyatchilikning o‘sib borishini oldini olish, yoshlarning turli ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolmasligi uchun mafkuraviy xurujlardan himoya qilish vositalarini ishlab chiqish, ularning dunyoqarashi, siyosiy ongi va tafakkurini o‘zgartirish yo‘li bilan ertangi kunga ishonch hissini tug‘dirish va fuqarolik faolligini oshirishdan iborat.

Uyushmagan yoshlar ijtimoiy qatlami degan atama ortida qanchalik jiddiy muammolar yotganligi, vaziyatni o‘zgartirish uchun shu paytgacha amaliyotda qo‘llanib kelayotgan an'anaviy yondashuvlarning samara bermasligini tan olgandan keyingina chora tadbirlar ishlab chiqilsa va amalga oshirilsa natijadorlikka erishish mumkin. Uyushmagan yoshlarga nisbatan olib boriladigan madaniy, ma'rifiy, tarbiyaviy ishlarning samaradorligiga erishish va ularda ertangi kunga ishonch hissini tug‘dirish maqsadida fikrimcha, quydagi ishlarni amalga oshirish lozim:

Birinchidan, kundan kunga kuchayib borayotgan inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan chora-tadbirlarni jadallik bilan amalga oshirish, ushbu maqsadda tomorqalarda mahsulot ishlab chiqarish va qoramol sonining kamayib borayotganligi sabablarini chuqur o‘rgangan holda qishloq yoshlariga moddiy-texnik yordam berish ko‘lamini kengaytirish, marketing tadqiqotlari asosida sug‘oriladigan yerlarda qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirishni qaytadan ko‘rib chiqish, ko‘p ukladli agrar iqtisodiyotni, jumladan, paxta yetishtirishga ixtisoslashgan kompleks mexanizatsiyalashgan davlat agrosanoat birlashmalarini barpo etish;

Ikkinchidan, aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan, jumladan un, o‘simlik yog‘i, kir sovuniga savdo ustamasini cheklash yo‘li bilan chakana narx belgilash amaliyotini joriy etish va shu yo‘l bilan kishilarning, jumladan uyushmagan yoshlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;

Uchinchidan, ta'lim va sog‘likni saqlash, huquqni muhofaza qilish sohalarida korrupsiyaga qarshi va adolat muhitini yaratish maqsadida boshlangan xatti-harakatlarni kundan-kunga kuchaytirish va mantiqiy yakun topishiga xalqni ishontirish;

To‘rtinchidan, cheklangan ishlab chiqarish resurslarini viloyatlarning alohida tanlangan tumanida emas, balki barcha qishloq joylarini kompleks rivojlanishiga xizmat qiladigan iqtisodiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish.

Beshinchidan, kollejlar sharoitini ta'lim sohasidagi yangi vaziyat nuqtai nazaridan o‘rganib chiqish va ularning mos keladigan binolarida sanoat korxonalari, jumladan, tikuvchilik, poyafzal, mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarning filiallarini tashkil etish;

Ilhom Vafayev,
iqtisodchi, Samarqand shahri

Top