14:35 / 29.08.2017
8099

Britaniyalik aktyor o‘z qahramonining osiyolik kelib chiqishga egaligi sababli «Xellboy»ni tark etdi

Foto: Shutterstock

Britaniyalik aktyor Ed Skreyn «Xellboy»ni tark etdi, deya xabar beradi CNN. Manbaga ko‘ra, aktyor o‘z qahramonining "osiyolik kelib chiqishga ega ekani"ni bilgach, shunday qaror qabul qilgan. 

Skreyn «Taxtlar o‘yini» seriali hamda «Tashuvchi: Meros» va «Dedpul» kabi filmlari orqali tanilgan.

Aktyor «Xellboy»ning yangi versiyasida mayor Ben Daymio rolini ijro etishi kerak bo‘lgan. Skreynning so‘zlariga ko‘ra, u rolga rozilik berganida personajining tarixini bilmagan, biroq endi o‘zi to‘g‘ri deb bilgan yo‘lni tutishi kerak.

Aktyorning ta'kidlashicha, uning aktyorlar safidan ketishi to‘g‘ri kasting uchun yo‘l ochadi. 

Film yaratuvchilari Skreynning beg‘araz qarorini qo‘llab-quvvatlashdi va Daymio roliga mos aktyorni topishga va'da berishdi. 

So‘nggi vaqtlarda film va seriallar yaratuvchilarini rollarga asosan oq tanli aktyorlarni taklif qilayotganliklari uchun tanqid qilishmoqda. Ba'zi izohlovchilarning fikricha, ayrim rollar osiyolik kelib chiqishga ega aktyorlar tomonidan ijro etilishi kerak. Masalan, Tilda Suinton ishtirokidagi «Doktor Strenj» va Finn Jons ishtirokidagi «Temir musht» serialida shunday holatlar kuzatildi. 

Top