19:01 / 29.08.2017
17122

Foto: Toshkent markazida isitish quvurlari yorilib ketgan, bolalar hayoti xavf ostida

Toshkent shahrining Mirobod tumani, Fayziobod 9-tor ko‘chasida markaziy isitish quvurlari yorilib ketgan. Oradan bir necha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, hech bir mutasaddi tashkilot bu ishni o‘z zimmasiga olmagan. Hozirda quvurlarda bir necha yoriqlar mavjud bo‘lib, ulardan qaynoq suv oqadi. Bundan tashqari, quvur o‘tgan yo‘l qazib ochib qo‘yilgan va natijada katta chuqurlik hosil bo‘lgan. 

Mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, bu holat yuzasidan bir necha marta MFYga ham murojaat qilingan, hattoki, televideniye orqali ta'mirtalab quvurlar haqida lavhalar ham tayyorlangan. 

Isitish quvurlari bunday ahvolda turishi yosh bolalarning ham hayotiga xavf solmoqda. Suratlarda ko‘rib turganingizdek, qazilgan hudud yonida bolalar stadioni joylashgan. Tabiiyki, u yerda mahallada yashaydigan oilalarning farzandlari o‘ynashadi. Isitish quvurlari usti ochiq va uning atrofida hech qanday taqiqlovchi to‘siqlar o‘rnatilmagan. 

Mahallada yashovchi onaning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda uning bog‘cha yoshidagi farzandlari ochiq holda turgan o‘ra ichiga tushib ketishiga bir baxya qolgandi. Agarda ota-onalar bir soniyaga farzandlarini e'tiborsiz qoldirsa, bu yerda bolalar kutilmaganda quvurga qulab, kuyib qolishi va juda og‘ir tan jarohati olishi ham mumkin. 

Kun.uz tahririyati «Toshissiqquvvati» korxonasi hamda boshqa tegishli idora vakillaridan ushbu masalani tez va ijobiy hal etishni so‘raydi. Zero, har qanday muammoli holatni ko‘ngilsiz hodisalar yuzaga kelmasdan avval bartaraf etgan afzal.

 

Top