17:28 / 29.08.2017
9392

Inson a'zolarini sotish o‘limga olib kelsa 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish taklif etilayapti

Foto: Catholicmoraltheology

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “Inson a'zolari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini va Jinoyat kodeksiga tuzatishlar kiritish loyihasini ishlab chiqdi. Qonun loyihalari normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e'lon qilindi, deb yozmoqda Norma.uz.

Xususan, “Inson a'zolari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining sohadagi vakolatini;   
amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar, tartib va chora-tadbirlarni;
donorlar va retsipiyentlarning huquq va majburiyatlarini tartibga soladi.

Shu bilan bir qatorda Jinoyat kodeksini ikkita modda bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda.

1-inson a'zolari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini ajratib olishga majbur qilish yoki noqonuniy ajratib olish. 

Ushbu jinoyat uchun sanksiya 3 dan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki xuddi shu muddatga muayyan huquqdan mahrum qilish bilan ozodlikdan mahrum qilishdan iborat. Og‘irlashtiruvchi holatlar 5 dan 8 yilgacha, odam o‘limi esa 8 dan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi.

Ma'lumot uchun: inson a'zolarini ajratib olishga majbur qilish yoki noqonuniy ajratib olish uchun sanksiyalar Belarus, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa qator xorijiy davlatlarning jinoyat qonunchiligida ko‘zda tutilgan. 

2-inson a'zolari, to‘qimalari va (yoki) hujayralariga nisbatan bitim tuzish 3 dan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki xuddi shu muddatga muayyan huquqdan mahrum qilish bilan ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi. Jinoyat takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan taqdirda, aybdorlar 5 dan 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda milliy qonunchiligimizda inson a'zolari yoki to‘qimalarini ajratib olish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan (JK 133-moddasi).

Loyihalar o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top