08:00 / 29.08.2017
37820

Shimoliy Koreya Yaponiya tomon raketa uchirdi

Foto: AP

Shimoliy Koreya 29 avgust erta tongda Kim Chen In rahbarligi ostida birinchi marta Yaponiya hududi ustidan uchib o‘tgan raketa sinovini o‘tkazdi. Raketa Yaponiyadan sharqqa tomon 1,2 ming km uzoqlikda Tinch okeaniga tushgan. Shu sababli Tokio BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirtirish jarayonini boshlaganini ma'lum qildi. 

Bungacha Shimoliy Koreya raketasi 2009 yilda Yaponiya ustidan uchib o‘tgan. Biroq o‘shanda gap Shimoliy Koreyaning "Tepxodon-2" raketasi bilan sun'iy yo‘ldosh uchirgani haqida ketgan. Kim Chen In esa Shimoliy Koreyaga 2011 yildan beri rahbarlik qiladi. 

Raketa poytaxt Pxenyan yaqinidagi Sunan shahridan Yapon dengizi tomon otilgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, raketa Yaponiyaning Xokkaydo oroli ustidan uchib o‘tib, 2,7 ming km lik masofani 550 km maksimal balandlikda o‘tgan. Yaponiya hukumati bosh kotibi Yosixide Suganing aytishicha, raketa Xokkaydoning janubi-sharqiy qismidagi Erimo burnidan sharqqa tomon 1180 km uzoqroqqa tushgan. Uning aytishicha, raketaning Yaponiya hududida bo‘laklari aniqlanmagan, biror zarar yetgani haqida ma'lumot berilmagan.

“Ryonxap” axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya harbiylarining fikricha, sinalgan raketa yoki o‘rta masofalarga mo‘ljallangan “Xvason-12”, yoki 3 ming km gacha ucha oladigan “Xvason-10” raketasi bo‘lgan.

Yaponiya hukumati raketa uchirilishi munosabati bilan aholini ogohlantirgan va ulardan ehtiyot choralari ko‘rishni so‘ragan. Yaponiya shimoli-sharqida “Sinkansen” tezyurar poyezdlari qatnovi to‘xtatilgan. Ta'kidlanishicha, raketaning Yaponiya uzra uchib o‘tishi ichki va tashqi aviaaloqaga ta'sir qilmagan.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe hukumat raketa uchirilishi munosabati bilan o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun barcha ishni amalga oshirishini aytgan.

Janubiy Koreya harbiylarining aytishicha, mamlakat qurolli kuchlari yuqori jangovar holatga keltirilgan. 

Pentagonning rasmiy vakili Rob Menning raketa AQShga xavf tug‘dirmaganini aytgan.

Mavzuga oid
Top