23:17 / 30.08.2017
7729

Yilning 7 oyi mobaynida voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi 12,8 foizga kamaydi

O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi  30 avgust kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi: ustuvor vazifalar ijrosi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etdi. Unda IIV HPBB, Oliy va o‘rta maxsus, Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, “Mahalla” jamg‘armasi va OAV vakillari ishtirok etdi. 

Anjumanda Davlat rahbarining 2017 yil 10 apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlashda ularning mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5005 sonli farmonidagi ichki ishlar tizimini rivojlantirish, voyaga yetmaganlar va yoshlar tarbiyasi, ularni yot g‘oyalardan himoya qilishga qaratilgan ishlar haqida fikr almashildi. 

HPBB boshlig‘i, polkovnik Azizbek Ikromovning ma'lum qilishicha, respublikaning 9683 ta umumta'lim maktabida 5 mln 286 ming o‘quvchi tahsil oladi. 640 ming 814 bola birinchi sinfga qadam qo‘yadi. 9-sinfni bitirgan 476 ming 585 o‘quvchidan 310 ming 847 o‘smir 10-sinfdagi tahsilini davom ettiradi. Qolgan qismi kollej-litseylarga qabul qilingan. 

HPBB va mahallalar, ta'lim maskanlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar samarasi o‘laroq, yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi 12,8 foizga, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik 7,9 foizga pasaygani qayd etildi. 

Anjumanda Farg‘ona viloyatida sinovdan o‘tgan ijobiy tajribani respublika miqyosida qo‘llashga qaror qilingani ham ma'lum qilindi. Unga muvofiq, respublika hududida mahallalar kesimida voyaga yetmaganlar va yoshlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar bazasi shakllantirilmoqda. Ya'ni, voyaga yetmaganlar va yoshlar svetoforning uch chirog‘i singari 3 toifaga ajratiladi. Qizil chiroq-jinoyat sodir etganlar, sariq chiroq-huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan, o‘qimasdan, ishlamasdan, qarovsiz, nazoratsiz yurganlar va yashil chiroq-namunali tarbiyaga ega bo‘lganlardir. Ushbu toifalarning sariq chiroq toifasiga kiritilganlarga mahalla faollari, “Nuroniy” jamg‘armasidan mas'ullar biriktiriladi. Ularning faoliyati tahliliy baholab boriladi va yashil chiroq guruhidagi yoshlar safiga qo‘shiladi.  

Mavzuga oid
Top