18:09 / 30.08.2017
34248

Koreyaga qarshi o‘yin uchun chiptalar sotuvda. Muhim o‘yinlar oldidan muxlislar fikri qanday?

Foto: Kun.uz

5 sentabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Ayni vaqtda mazkur o‘yinga chiptalar sotilmoqda. Chiptalarni «Bunyodkor» stadioni kassalaridan xarid qilish mumkin.

Chiptalar 3 xil toifada sotilmoqda: CIP toifadagi chiptalar narxi 60 ming so‘m, 1- va 2-klassdagi chiptalar uchun 30–35 ming so‘m atrofida narx belgilangan.

Kun.uz muxbirlari stadion joylashgan hududda bo‘lib, muxlislardan terma jamoaning muhim o‘yinlari arafasidagi fikrlarini o‘rgandi. Ularning aksari O‘zbekiston Xitoyga qarshi safar o‘yinida ham, Toshkentda Janubiy Koreyaga qarshi kechadigan o‘yinda ham g‘alaba qozonib, Jahon chempionatiga yo‘l olishiga ishonch bildirmoqda.

Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin 5 sentabr kuni soat 20:00da boshlanadi.

Ayni vaqtda Samvel Babayan boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi saralashning 9-tur uchrashuvida Xitoyga qarshi o‘yinni o‘tkazish uchun yo‘l olgan. Xitoyga qarshi uchrashuv 31 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 17:00 da start oladi.

O‘zbekiston terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichida 8 turdan keyin 12 ochko to‘plagan holda uchinchi o‘rinda joylashgan. Yo‘llanmani hal qilib bo‘lgan Eronda 20 ochko, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun O‘zbekistonning asosiy raqibi Janubiy Koreyada 13 ochko bor.

Top