11:58 / 31.08.2017
36726

MIB iyun-avgust oylarida qancha mablag‘ undirilgani haqida ma'lumot berdi 

Foto: KUN.UZ

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan energiya resurslaridan foydalanish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash hamda sud hujjatlari ijrosini ta'minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi”.

I.  Energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirish.

Foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirish borasida ko‘rilgan choralar natijasida:

- joriy yilning iyun oyida 812,4 mlrd. so‘m;
- joriy yilning iyul oyida 1,2 trln. so‘m;
- joriy yilning avgust oyida 1,6 trln. so‘mdan ortiq to‘lovlar undirildi.

Qarzdorliklarni undirish maqsadida iyundan avgustgacha bo‘lgan davrda:

- 4,6 trln. so‘m qarzdorlikni to‘lash yuzasidan 4,6 mln. talabnomalar yuborildi, 112,4 mlrd. so‘m qarzdorlikni ish haqidan ushlab qolish haqida 177.313 ta talabnomalar berildi;
- 993,2 mlrd. so‘m qarzi bo‘lgan 39.383 ta yuridik shaxslarning hisob raqamlariga inkasso topshiriqnomalari qo‘yildi, sudlarga 12.200 ta da'vo arizalari kiritildi;
- hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan va tarmoqqa noqonuniy ulangan 92.033 nafar iste'molchilar, shu jumladan 11.179 ta yuridik shaxslar elektr va gaz tarmoqlaridan uzildi.

II.  Turar va noturar joy fondi inventarizatsiyasi.

1.695.463 ta turar va noturar joy binolarini inventarizatsiyadan o‘tkazish davomida:

– 285.512 ta kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan binolar, 16.127 ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan obektlar;
– 525.657 ta nosoz yoki davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tmagan energiya resurslari iste'molini hisobga olish uskunalari;
– 110,4 mlrd. so‘m noreal qarzdorlik (elektr energiyasi uchun 59,7 mlrd. so‘m, gaz uchun - 50,7 mlrd. so‘m) aniqlandi.
Natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

III.  Huquqbuzarlik holatlarini fosh etish bo‘yicha chora-tadbirlar.

Energiya resurslarining talon-toroj qilinishi va buning oqibatida 137,5 mlrd. so‘m noreal qarzdorlikning kelib chiqqani holatlari bo‘yicha 111 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Masalan, “Andijonshahargaz, “Andijon yog‘-moy” AJ va “Andijon bioximiya zavodi” AJ mansabdor shaxslari tomonidan o‘zaro til biriktirib, 7 ta mahalla aholisini yuqori bosimli gaz tarmog‘iga noqonuniy ulash yo‘li bilan 10,3 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlangan.

Yoki, “Bo‘stonliqtumangaz” filiali va “Toshkentgazta'minot” unitar korxonasi mansabdor shaxslari iste'molchilarning tabiiy gaz sarfi ko‘rsatkichlariga soxta ma'lumotlar kiritib, 15,6 mlrd. so‘m miqdorida noreal qarzdorlikning vujudga kelishiga sababchi bo‘lganlar.

Shuningdek, talon-torojliklar natijasida paydo bo‘lgan qarzdorlikni energiya resurslari hisobini yuritish bo‘yicha ma'lumotlar bazasiga soxta ma'lumotlar kiritish yo‘li bilan aholiga qayta taqsimlash holatlari aniqlandi.

Masalan, Koson ETK mansabdor shaxslari 2012-2017 yillarda “Elektrhisoblagich” DK ma'lumotlar bazasiga Koson tumani hokimining qarori bilan faoliyati tugatilgan 100 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning qarzdorligi borligi haqida soxta ma'lumotlar kiritishi natijasida 2 mlrd. 383 mln. so‘m noreal qarzdorlik paydo bo‘lgan.

Yoki, Jarqo‘rg‘on tumani ETK mansabdor shaxslari 47 ta fermer xo‘jaligi va iqtisodiyot kollejining 11,6 mlrd. so‘m qarzdorligi mavjudligi to‘g‘risida ma'lumotlar bazasiga soxta ma'lumotlar kiritganlar.

Qayd etish lozimki, mavjud qarzdorlikni hisobdan chiqarib berish evaziga qonunga xilof ravishda haq olganlik holatlari bo‘yicha 51 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IV.  Sud hujjatlari ijrosini ta'minlash.

Joriy yilning iyun-avgust oylari davomida ko‘rilgan choralar natijasida:

– 2,7 trln. so‘m undirilishi;
– 4,3 mlrd. so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilishi;
– sud hujjatlarini o‘z vaqtida ijro qilmagan shaxslardan 7,3 mlrd. so‘m ijro yig‘imlari undirilishi ta'minlandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3149-son Qarori ijrosini hamda ijro ishi yuritishni amalga oshirishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha auksion savdolarining qonuniyligi, shaffofligi va xolisligini ta'minlash, narxlar manipulyatsiyasi va boshqa suiiste'molchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Joriy yilning 1 sentabridan ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulklar savdosi “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonida faqat elektron onlayn-kim oshdi savdolarida amalga oshiriladi.

Markazga:

- yagona elektron savdo maydonida elektron onlayn-kim oshdi savdolarini tashkil etish;
- elektron onlayn-kim oshdi savdolarida mol-mulklarni sotish masalalari bo‘yicha axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish;
- elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish uchun elektron raqamli imzo kalitlari sertifikatlarini berish vazifalari yuklatilgan.

Energiya resurslaridan foydalanish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash hamda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2017 yil iyun-avgust oylari davomida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan 6,32 trln. so‘m undirilishi ta'minlandi.

Mavzuga oid
Top