12:13 / 31.08.2017
10417

Surxondaryoda Istiqlol ayyomi ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda

​ Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov ​

Bu yil surxondaryoliklar eng ulug‘, eng aziz bayramimizga yangi yutuq va zafarlar bilan peshvoz chiqishdi. Ko‘chalar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari bayramona bezatilib, viloyatning barcha shahar va tumanlarida, olis qishloq va mahallalarda bayram shodiyonalari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda, — deyiladi viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning Feysbukdagi sahifasida.

«Bayramning asosiy tantanalari Termiz shahridagi «Alpomish» o‘yingohida bo‘lib o‘tdi. Tadbirga ishlab chiqarish ilg‘orlari, fermer va tadbirkorlar, nuroniylarimiz, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda qo‘shni davlatlardan kelgan mehmonlar taklif etildi.

Tadbirda viloyat hokimi vohamiz ahli hamda tantanaga tashrif buyurgan mehmonlarni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bilan tabriklab, mustaqillik xalqimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan bebaho boylik ekanini, mamlakatimizning mustaqil davlat sifatida jahon hamjamiyati tomonidan munosib tan olinishi, yurtimizning yuksak taraqqiyot cho‘qqilari sari dadil odimlashida elini, Vatanini sevadigan insonlarning, bag‘ri keng, olijanob xalqimizning zahmatli mehnati borligini, istiqlol yillarida vohadoshlarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov

Istiqlol vohadoshlarimiz turmush tarzida ham tub burilishlar yasadi. Xususan, mustaqillik yillarida «Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on» yangi temir yo‘lining qurib foydalanishga topshirilishi, Xonjiza polimetall rudalar koni ishga tushirilgani, maktab va kollejlar, ijtimoiy soha obektlari, sport inshootlari, ishlab chiqarish korxonalari barpo etilgani viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuksak ahamiyatga ega bo‘ldi.

Joriy yilda ham viloyatimizda yirik ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha obektlari barpo etilmoqda. Xususan, Amudaryo sohilida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohi ishga tushirildi. 6,2 gektar maydonni egallagan mazkur oromgoh bir mavsumda 200 nafar, bir yilda 5 ming nafar bolani sog‘lomlashtirishga mo‘ljallangani xalqimiz uchun yanada manzur bo‘layotir. Zamonaviy qiyofa kashf etib turgan ushbu oromgoh yurtimizning eng go‘zal va so‘lim maskanlaridan biriga aylandi.

Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov

Viloyatda 2017 yilgi Davlat investitsiya dasturi bo‘yicha jami 218 ta ijtimoiy tarmoq obektlariga 505 mlrd. so‘m mablag‘lar ajratilib, obektlarni yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Termiz shahrida 700 o‘rinli «San'at saroyi», 3000 o‘rinli amfiteatr, «Dostonchilik va baxshilar maktabi», Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi, «Termiz hayvonot bog‘i», «O‘lkashunoslik muzeyi», «Bolajon bog‘i» kabi inshootlarda rekonstruksiya va qurilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, joriy yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan umumiy qiymati 2 trln. 34 mlrd. so‘mga teng jami 1912 ta loyiha amalga oshirilayotir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Boysun tumanida umumiy qiymati 5,2 mlrd. dollarni tashkil etadigan gaz-kimyo kompleksini qurish ishlari boshlangani vohamiz ahli uchun chinakam sovg‘a bo‘ldi. Mazkur yirik gaz-kimyo majmuasi viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida katta burilish yasaydi, xalqimiz farovonligini ta'minlashga beqiyos hissasini qo‘shadi.

Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov

Shu bilan birga Sherobod tumanida loyiha qiymati 213,0 mln. dollarga teng bo‘lgan sement zavodini qurish bo‘yicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Ushbu korxona yiliga 1,5 mln. tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, nafaqat ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta'minlaydi, balki qo‘shni davlatlarga ham sement mahsulotini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Joriy yil yakuniga qadar esa Jarqo‘rg‘on tumanida «Surxonsementinvest» xorijiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 47,0 mln. dollar bo‘lgan, yiliga 360 ming tonna portland sement ishlab chiqarish quvvatiga ega zavodni ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari loyiha qiymati 365 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 15 ta yengil sanoat korxonalarida qurilish ishlari boshlab yuborildi. Bu esa o‘z navbatida kelgusida viloyatda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasini to‘lig‘icha o‘zimizda qayta ishlash imkonini beradi.

Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov

Viloyatimizda olib borilayotgan bunday olamshumul o‘zgarish va yangilanishlarda vohamizning fidoyi insonlarining zahmatli mehnati bor. Buni kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Farmonlariga asosan, yurtimiz ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan 20 nafar vohadoshlarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Tadbirda turli badiiy va sahna ko‘rinishlari, san'atkorlar tomonidan tayyorlangan diltortar qo‘shiqlar bayram ishtirokchilariga munosib sovg‘a bo‘ldi. Ayniqsa, O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov, elimizning suyukli xonandalari Abdurashid Yo‘ldoshev, Ravshan Namozov, Sayyora G‘oziyeva, Iroda Iskandarova, Jasur Umirov hamda «Surxon» guruhining chiqishlari tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.

Istiqlol bayrami viloyatimizning barcha go‘shalarida, mehnat jamoalari, qishloq va mahallalarda davom etmoqda», — deyilgan xabarda.

Top