20:36 / 01.09.2017
25145

Yomg‘irda erigan loy haykal

Futbolda hakamlar bor ekan o‘zbeklar maqsadiga yeta olmaydi (yangi o‘zbek maqoli)

Nega dunyoning eng yaxshi hakami Braziliya yoki Argentinada emas, futboli taraqqiyotda yuksaklikka chiqmagan yurtda tug‘ilgani endi oydinlashdi. Bu shunchaki tasodif emas ekan. Futbolda birgina o‘lkadan iborat Avstraliya va million muammoga ko‘milib ketgan Afrikadan ham ortda qolib ketgan ulkan qit'a Osiyodan - hakamlik saviyasi juda past bo‘lgan hududdan, qora libos sohiblaridan eng ko‘p aziyat chekkan O‘zbekistondan ekanligida mantiq katta ekan, azizlar! 

Hazrati Iso tabib sog‘larga emas, bemorlar bor joyda kerak, degan edi. Shuncha hakamlikdan jabr ko‘rganimizni tushunish boshqa lekin ich-ichidan his etib, buning azobi nima ekanligini bilgan yigit bu ishda ADOLATning naqadar lozimligini anglab yetadi. Men odil bo‘laman, xatolarim evaziga begunoh tomon jabr ko‘rmasin, deya o‘ziga-o‘zi so‘z berib borini berib PROFeSSIONAL bo‘ladi. Jahon ahliga ko‘plab buyuklarni tarbiyalab voyaga yetkazgan millat yana bir farzandni shu tariqa kamol toptirdi. Ravshan Ermatov degan inson ADOLAT va PROFeSSIONALLIK timsoli sifatida Hazrati futbolga ibrat sifatida kirib kelgandi. Muhit unga doyalik qildi, qismat qo‘lidan tutdi.

Xitoydan ham Suriyadan ham kerakli ochkolarni ololmaganimizning boshqa o‘nlab sabablarini keltira olaman. Futbolimizdagi dolzarb muammolarni ham qalashtirib tilga olishim mumkin, lekin baribir hakamlik ishidagi xatoliklarning qurboni bo‘layotganimizni yana tilga olmaslikning iloji yo‘q. Zidandek mashhur shaxsning har bir vaziyat uchun hakamlarning qarorlariga nisbatan emotsiyalarini yirik planlarda ko‘p bora ko‘ryapsiz. Nega endi bizdek jabrdiydalar hakamlarning yaqqol xatolarini muhokama qilmasligimiz kerak.

FIFAdek tashkilot hakamlik masalasida haliyam bir aniq va kerakli yechimni topa olmayotgan, OFKdagilar esa nari borsa hakamlarining xatosini uzr so‘rashdan ortig‘ini qilolmayotgan paytda nechanchi martadir hakamlardan pand yeb o‘tiribmiz. Ko‘r odam suruvga cho‘ponlik qilsa oqibat ma'lum, oxiri podaning jarlikka qulashi bilan tugaydi. O‘FFdagilar tag‘in ham hassasini doim yo‘qotib yuradigan ko‘r kabi ish tutishdi. Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun bizga eng ko‘p xalaqit bergan omil – hakamlik masalasini ham hisobga olish kerak edi. To‘g‘ri, hisob-kitobni tasodiflar buzadi deyishadi. Lekin bu tasodifni oldindan ko‘ra olish mumkin bo‘lsa, buniyam bir tadbirini qilib qo‘yish kerak edi. Axir har doim maqsadimizga yetdik, degan joyda hakamlar yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘lishgani-bo‘lishgan. Afsuski, buni Babayan ham federatsiyadagilar ham e'tibordan chetda qoldirishdi. (Bemahal qichqirgan xo‘rozdek, O‘FFning bir xodimi jurnalistlarga tosh otib yuribdi. Buning o‘rniga nishonni hakamlar tomoniga to‘g‘rilasin edi. Axir Federatsiyaning xalqaro bo‘limi xodimining xayoliga bunday narsalar kelishi mumkin emasmi? «Qishloqi jurnalistlar» oldida professionalligini ko‘rsatish o‘rniga vatanparvarligini ko‘rsatib, O‘FFni kutilishi mumkin bo‘lgan xatardan xabardor etsin, ogohlantirsin. Taklif bilan chiqsin. Jurnalistning ishiga aralashgan murabbiyga maslahat bera olmaydimi!).

Hayot-mamot o‘yinlari uchun qayoqdagi Shri-Lankadan hakam tayinlanishiga jim qarab turmasdan avvalroq otni qamchilash kerak edi. «Biz Osiyodagi hakamlardan ko‘p bor pand yegan xalqmiz, guruhdagi eng muhim ikki o‘yinimizga yuqoriroq saviyali hakam boshqarishini istaymiz» qabilida FIFAga murojaat qilishimiz ham mumkin edi-ku?! Buni hammaga ovoza qilib, 11 yil oldingi hakamlik mash-mashalaridan tortib, barcha hakamlikdan ko‘rgan jabrlarimizni OAV orqali dunyoga tarqatib, diqqatni o‘zimizga qaratganimizda nima yo‘qotardik? Yevropadan hakam yuborishmaganida ham kamida uchrashuvga tayinlangan hakamga ta'sir o‘tkaza olardik. Qay tomondanki, mas'uliyatliroq bo‘lishga intilardi.

Penalti belgilanganidan keyin o‘rnimdan turdim-da chiqib ketdim. Uyog‘ini ko‘rmasam ham ma'lum. Xitoy ham O‘zbekiston ham kayfiyat jamoasi! Futbolinggayam, hakaminggayam!... Futbol emas, hakam to‘g‘risida yozganimdan ajablanmang, qanaqa futbol? Bor futbolni ham o‘ldirishyapti... Halollik va kurash o‘ldirilgan joyda futbolning nafasi ham bo‘g‘iladi... Penaltini o‘ylab topgan irlandiyalik Jon Penalti bizning safimizda, tomonimizda mazkur uchrashuvni kuzatganida qilgan kashfiyotidan Albert Eynshteyn kabi afsuslanishiga shubha qilmayman. «Ramayana»dan Shri-Lanka deganda ko‘z oldimda mashhur Tseylon choyidan ham oldin devlar kelardi. Endichi, hayot-mamot o‘yinini o‘ldirgan «qassob», uquvsiz «jarrohmi»?... Bechora futbol, kuning kimlarga qoldi?.. 

Ayrimlar Babayanning haykalini o‘rnatish lozimini ta'kidlashgandi. Ishqilib, materiali loydan bo‘lmasin! Kechagidek (bizning alamli, Koreya va xitoyliklarning sevinchli ko‘z yoshlaridan paydo bo‘lgan) yomg‘irda erib qolmasin!..

Keyingi o‘yinlardan taskin axtarishni istamayman. Yuqori marralarni ko‘zlayotgan jamiyatning bir a'zosi sifatida futbolda ham yuksaklikka intilishimiz lozim deb bilaman. Shuni uchun 12 sentabrdan umidim katta. Mundialga chiqish taraqqiyot bir uchqun, aslida. Muhimi, futbolimizda haqiqiy islohotlar boshlansin! Kelajak uchun oldindan belgilangan rejali harakatlar kerak. Buyuk da'volar zarur. Tasodifiy yutuqlar bilan manzilga yetib bo‘lmaydi! Bular shunchaki og‘riq qoldiruvchi doriga o‘xshaydi, og‘riqni to‘xtatadi lekin malham bo‘la olmaydi!.. Orzuimiz Babayanlarni boshimizda ko‘tarish edi. Qalbimizda ardoqlaydigan insonlar bo‘lishini istagandik. Afsuski, hammasi kutganimizdek bo‘lmayapti. Mirabror Usmonovning shashti baland edi. Unga qanchalik yelkadosh bo‘ldik? Sergeyev, Lobanovning ham hali foydasi tegar. Taraqqiyotning shamoli yangicha yo‘nalish tomon esishiga umid bilan qarayapman. Qadrli vatandoshlar, endi bir-birimizga loy chaplashlarnimas, yelkadosh bo‘lishni odat qilaylik! Ishoning, bu Vatan, bu Xalq bundan ancha yuqorirog‘iga loyiq!

Rahim YuSUF ALI

Top