09:03 / 02.09.2017
25835

Urushdan 16 yil o‘tib Afg‘oniston jahondagi eng yirik geroin yetkazib beruvchi davlatga aylandi

AQSh prezidenti Donald Tramp Amerikaning Afg‘onistondagi strategiyasiga juz'iy o‘zgartirishlar kiritilganini e'lon qildi, biroq AQSh tarixidagi eng uzoq urushni narkoterrorchilikka qarshi kurashmasdan turib, yutib bo‘lmaydi, deb yozadi «The American Conservative» nashri eksperti Jyeffri Jyeyms Higgins.

16 yildan beri davom etayotgan, milliardlab dollar mablag‘ sarflangan urushdan so‘ng hanuzgacha jahonda yetishtirilayotgan geroinning 75 foizi Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, ustiga-ustak, terrorchilik guruhlarining eng yuqori konsentratsiyasi ham shu davlatda qayd etilgan. Boz ustiga, Afg‘oniston jahondagi eng yirik narkosavdogarlar guruhi islom terrorizmiga bevosita ko‘mak beradigan asosiy magistrallardan biri sanaladi. Toki AQSh bu muammoni hal qilmas ekan, Tramp o‘zining g‘alaba qozonish haqidagi va'dasini bajara olmasligi aniq.

Narkoterrorizm — bu narkosavdogarlar va terrorchilar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliqni tasvirlab beruvchi termin. Narkoterrorizm turli to‘rt shaklda namoyon bo‘ladi:

1) narkosavdogarlar narkotik savdosini yo‘lga qo‘yish uchun terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullanishadi;

2) o‘z operatsiyalarini moliyalashtirish uchun narkotik sotadigan terrorchilar;

3) narkotiklar savdosidan ham, terrorchilik faoliyatidan ham birdek manfaatdor bo‘lgan tashkilotlar;

4) bir-birini faol qo‘llab-quvvatlovchi narkosavdogarlar va terrorchilar.

Afg‘onistondagi Nanganhor viloyati narkotik savdosi gullayotgan qora bozorning o‘chog‘iga aylangan. Bu yerda geroin savdogarlari va terrorchilik guruhlari o‘rtasida qalin aloqa o‘rnatilgan. Narkosavdogarlar narkotik savdosidan tushgan pulning bir qismini «zakot» sifatida guruhlarga topshirishadi.

 

Foto: fardanews.com

 

Bunga javoban jangarilar narkotik tayyorlanadigan laboratoriyalarni afg‘on politsiyasi va harbiylardan himoya qiladi. Ular afg‘on hukumati bilan hamkorlik qilishga bel bog‘lagan fuqarolarni qo‘rqitib, o‘ldirib, narkotik savdosi va terrorizm gullab-yashnaydigan muhit hosil qilishadi.

AQShning narkotik moddalar haqidagi qonunlarning ijro etilishini nazorat qiluvchi ma'muriyati ma'lumotlariga ko‘ra, terrorchilik guruhlarining taxminan 37 foizi narkotik moddalarning noqonuniy savdosi bilan u yoki bu darajada bog‘liq. So‘nggi bir necha yil ichida agentlik afg‘on politsiyasi bilan birgalikda nisbatan yangi federal qonunni qo‘llab, yirik narkosavdogarlarni ta'qib etgan. 2006 yilda AQShda narkoterrorizmga qarshi federal qonun qabul qilingan, unga ko‘ra terrorchilik tashkilotlari terrorchilik faoliyatiga aloqador shaxslarga moddiy yordam ko‘rsatish uchun narkosavdogarlik bilan shug‘ullanish noqonuniy deb topilgan.

Foto: aljazeera.com

Bu qonun bilan ayblangan ilk inson Afg‘onistonning Nanganhor viloyatidan Xon Muhammaddir. U bir vaqtning o‘zida ham narkotik sotuvchi, ham «Tolibon» harakatining a'zosi bo‘lgan. Uning «Alloh kofirlarni hoziroq qirib tashlasin, biz ham ularni qirishda ishtirok etamiz. Buni narkotik yordamidami yo qurol vositasidami, farqi yo‘q — bu bizning umumiy maqsadimiz», degan so‘zlari tasmaga yozib olingan. Narkotiklar to‘g‘risidagi qonunlarning ijrosini nazorat qilish ma'muriyati va afg‘on politsiyasi bo‘linmasi qo‘shma surishtiruv olib borganidan so‘ng Muhammad 2006 yili hibsga olingan. Uni AQShga keltirishgan va narkotiklar sotish va narkoterrorchilikda ayblashgan. U ikki marta umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Hoji Bog‘cho esa dunyodagi eng yirik narkosavdogarlardan biri sanaladi va u o‘zining geroin tayyorlanadigan laboratoriyalarini aynan Nanganhor viloyatida barpo etgan. BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, uning tashkiloti hissasiga jahonda yetkazib beriladigan geroinning 20 foizi to‘g‘ri keladi. 12 oylik bir davr mobaynida Hoji Bog‘cho 261 million dollarga 123 tonna geroin sotishga muvaffaq bo‘lgan, buncha miqdordagi narkotikning ko‘chadagi narxi milliardlab dollar bilan o‘lchanadi.

Hoji Bog‘cho pullarni va qurollarni «kofir»larni Afg‘onistondan chiqib chiqarishda yordam berishi uchun «Tolibon» rahbariyatiga bergan, shuningdek, u «yanada ko‘proq geroin ishlab chiqarib, yanada ko‘proq kofirlarni o‘limga giriftor etish uchun» fermerlarni ko‘proq ko‘knor yetishtirishga majburlagan. Uni ham narkotik savdosi va narkoterrorchilikda aybdor, deb topishgan va 254 million dollar jarimaga tortishgan. Keyinchalik garchi narkoterrorchilik ayblovi olib tashlangan bo‘lsa-da, Hoji Bog‘cho narkotik savdosi uchun hanuz qamoqxonada qolmoqda.

Hoji Bog‘cho. Foto: cbsnews.com

BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boshqarmasining 2016 yilgi hisobotiga ko‘ra, Jahon bo‘ylab ko‘knor yetishtirish uchun ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri keladi. 2015 yilgi hisobotga ko‘ra, jahon bo‘yicha ishlab chiqarilgan geroinning 77 foizi Afg‘onistonda tayyorlangan va Nanganhor viloyati Afg‘onistonning asosiy geroin viloyatlaridan biri sanaladi. 2017 yilgi hisobotlarga ko‘ra, «Tolibon» o‘z daromadlarining teng yarmini narkotik savdosidan oladi.

Nanganhor viloyatidagi fermerlar ko‘knor ekib, undan qoradori olishadi va uni dallollarga sotishadi. Dallollar qoradorini tog‘larda joylashgan maxfiy laboratoriyalarga ega guruhlarga pullashadi. Aynan o‘sha joyda qoradori morfin va geroinga aylanadi. Savdogarlar eng toza geroinni «spin mal» deb atashadi. Tomir orqali yuboriladigan bu toza geroin butun dunyo bo‘ylab, jumladan AQShda ham sotiladi.

Afg‘onistondagi politsiyachilar, bojxonachilar va siyosatchilar o‘rtasida korrupsiyaning juda yuqori darajasi kuzatilayotganini alohida qayd etmoq lozim. Afg‘on amaldorlarining aksariyati Afg‘oniston va Pokistondagi «Tolibon» harakati va Haqqoniy tarmog‘i bilan aloqalarga ega. Korrupsiyaning bunday darajasi narkotik savdosining ham, terrorchilikning ham gullab-yashnashiga zamin yaratadi.

Koalitsiyaning qurolli kuchlari uzoq yillar 11 sentabr teraktlaridan so‘ng Usoma bin Loden yashiringan Nanganhor janubidagi Sping‘or tog‘ining To‘ra-Bo‘ra hududida terrorchilarga qarshi kurash olib borgan. Aprel oyida AQSh Nanganhordagi «Islom davlati»ga tegishli yer osti tunnel majmuasiga o‘ta quvvatli fugas bombasini tashladi. Biroq hanuzgacha bu savol ochiqligicha qolmoqda.

Prezident Trampning Janubiy Osiyodagi yangi strategiyasi Amerika qurolli kuchlarining terrorchilik guruhlariga qarshi keng qamrovli kurashini nazarda tutishi lozim, biroq shunda ham narkoterrorizmga qarshi kurash e'tibordan qolmasligi kerak. «Islom davlati», Haqqoniy tarmog‘i, «Tolibon» va boshqa terorchilik guruhlarini parchalash uchun har qanday urinish AQSh Nanganhor viloyati va boshqa hududlarda narkoterrorchilarni yo‘q qilsagina muvaffaqiyatga yo‘g‘rilgan bo‘ladi. Lekin AQSh bunga qanday qilib erishishi hanuzgacha aniq emas.

Top