20:10 / 03.09.2017
13919

Putin Xitoyga keldi

Foto: © RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4—5 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan BRICS​ sammitida qatnashish uchun Xitoyga keldi.

U Xitoy rahbari Si Jinping bilan muzokara o‘tkazishga ulgurdi. Tomonlar o‘zaro kelishuvlarning ijrosi holatlarini muhokama qilishgan.

«Men siz bilan kelishib olgan rejalarimiz qanday amalga oshayotgani haqida fikrlar almashish imkoniyati yuzaga kelganidan mamnunman», — deya Si Jinpingga yuzlangan Putin. U shu yilning iyulida Xitoy rahbarining Moskvaga tashrifi «juda foydali» bo‘lganini qayd etib o‘tgan.

Xitoy rahbari ham shu fikrni ta'kidlagan. U o‘z tashrifi orqali nafaqat o‘zaro munosabatlardagi, balki, xalqaro maydondagi muammolarni muhokama etishga xizmat qilganini e'tirof etgan.

Rossiya, Braziliya, Hindiston, JAR va Xitoy davlat rahbarlari seshanba kuni Xitoyning Ciamen shahrida yig‘ilishi rejalashtirilgan. Bu Xitoyga mezbon sifatida AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari surayotgan «Amerika birinchi» siyosatiga qarshi tura olish imkoniyatini taqdim etadi.

Shuningdek, BRICS​ yetakchilari safiga Tailand, Meksika, Misr, Gvineya va Tojikiston rahbarlari ham kuzatuvchi maqomida qo‘shilishi kutilmoqda. Mustaqil mutaxassislarning fikricha, "BRICS​ Plus” ko‘rinishida o‘tadigan sammit yig‘ilishida tashkilotga yangi a'zolar qabul qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Trans-Atlantik savdo shartnomasidan voz kechgan yangi AQSh hukumati endilikda 23 yillik tarixga ega NAFTA tashkilotini ham isloh qilishga kirishmoqda. Donald Trampning fikricha, shimoliy Amerikada NAFTAning bo‘lishi mamlakat ichida yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon bermayapti.

Bundan tashqari, sammit bir hafta oldin Himolay atrofida chegara masalasidan kelib chiqqan Xitoy-Hindiston inqirozi ijobiy hal bo‘lishi bilanoq tashkil etilmoqda. Bu a'zo davlatlarning hamkorlikda qaror chiqarishga yaxshi sharoit yaratib beradi.

Top