14:31 / 06.09.2017
11911

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston bosh vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 6 sentabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Sapar Isakovni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar bergan

Shavkat Mirziyoyev Sapar Isakovni Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi. 

O‘z navbatida Sapar Isakov Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi yuksak ahamiyatga egaligini ta'kidladi va mazkur tashrif davlatlar o‘zaro manfaatli hamkorligida yangi bosqichni boshlab berganini qayd etdi. 

Uchrashuvda tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjatlar ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi. 

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Respublikasi hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari Kengashini tashkil etish to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. 

Top