Bugun, 8 sentabr kuni "O’ZBEGIM" Milliy qadriyatlar festivali doirasida dunyoda eng katta osh tayyorlandi va rekord o'rnatildi. Palovning og'irligi 7 tonna-yu 360 kgni tashkil etdi.

Palovni tayyorlash uchun rekord miqdordagi masalliqlardan foydalanildi. Xususan, 1 500 kg mol go'shti, 400 kg qo'y go'shti, 220 kg dumba va eng asosiysi, 1 900 kg guruch. Ulkan qozonga 2 700 kg sabzi, 220 kg piyoz, 440 litr o'simlik yog'i, 57 kg tuz ham solinadi. Bularning barchasiga 100 kg no'xat, 190 kg mayiz, 5 kg zira, 2 kg yanchilgan qalampir, 1 kg zarchava va 350 litr suv qo'shilib, ta`mi rostlandi.

Taom diametri 4,2 metr, hajmi 8000 litr bo'lgan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida maxsus quyilgan qozonda pishirildi. Qozonning umumiy og'irligi 7070 kgni, chuqurligi 1 metrni tashkil etdi. Qozon o'chog'i esa deyarli 3 tonna bo'ldi.

Rekordni qayd etish uchun Guinness World Records vakillari: hakam — Richard Stenning (Richard Stenning), tasvirchi — Oliver Greyndjyer (Oliver Granger), boshlovchi, xalqa aylantirish bo'yicha dunyoning sakkiz karra rekordchisi Marava Vomp (Marawa Wamp) O'zbekistonga kelishdi. Ularga 4 nafar guvoh hamda DSENning ikki nafar inspektorlari yordam berishdi.

Dunyodagi eng katta palovni tayyorlash jarayonini "KUN.UZ" muxbiri ham bevosita kuzatib bordi. Oshni tayyorlash vaqtida muxrlangan fotosuratlarni tomosha qiling.