11:00 / 08.09.2017
14076

Poytaxtdan viloyatga. Andijondagi tibbiyot muassasalariga tajribali mutaxassislar rahbar bo‘ldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iyun oyida Andijonga tashrifi davomida viloyatda tibbiyot sohasidagi kamchiliklarga alohida to‘xtalib o‘tgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni Saqlash vazirligi tizimdagi hududiy tibbiyot muassasalarini kadrlar salohiyatini mustahkamlash, tibbiy yordam tizimini takomillashtirish va sifatini oshirish maqsadida Andijon viloyat sog‘liqni saqlash tizimiga tajribali shifokorlarni yubordi.

Viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijonda faoliyat yuritish uchun kelgan shifokorlar bilan hududda tibbiyot sohasini rivojlantirish va undagi mavjud muammolarni hal etish borasidagi masalalar bo‘yicha anjuman o‘tkazdi. Muloqot tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar talay ekani ta'kidlandi.

Shuhratbek Abdurahmonov shifokorlar Andijonda samarali faoliyat yuritishlari uchun qulay shart-sharoitlar bilan ta'minlanishiga e'tibor qaratib o‘tdi. Ularning barchasiga ish joyiga yaqin bo‘lgan hududdan uy-joylar ajratilgan. O‘z o‘rnida mutaxassislar viloyat shifoxonalarida ishni samarali yo‘lga qo‘yish borasida o‘z fikrlarini bayon qilishdi.  

Respublikaning nufuzli tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritgan yetuk mutaxassislar endi viloyatning qator shifoxonalarida ish olib boradi.

Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi xirurgiya yo‘nalishi bo‘yicha bosh shifokor muovini Doniyor Bo‘riboyev Markazning Andijon filiali direktori vazifasida, Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi shifokori Dilshod Hakimov viloyat oftalmologiya shifoxonasi bosh vrachi vazifasida, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti endokrinologiya va bolalar endokrinologiyasi assistenti Shahlo Boboxo‘jayeva viloyat endokrinologiya dispanseri bosh vrachi lavozimida ish olib boradi.

Poytaxtdan yuborilgan shifokorlar bundan tashqari, viloyatning ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, OITSga qarshi kurash markazi, silga qarshi kurash markazi, teri-tanosil kasalliklari dispanseri, onkologiya dispanseri, kardiologiya dispanseri, yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachligi, perinital markaz direktorligiga tayinlanishdi.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top