14:01 / 09.09.2017
21660

Tahlil: Neymarning transferi «PSJ»ga nima berdi?

Foto: Getty Images

Kecha «PSJ» safarda «Metts» ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shakllanayotgan yangi uchlik - Neymar, Kavani va Mbappe deyarli barcha golda ishtirok etishdi. Parijliklar besh o‘yindan so‘ng yuz foizlik ko‘rsatkich bilan borishmoqda. 

Albatta, Emeri Fransiyada bunday natijaga Neymarsiz ham, Mbappesiz ham erishishi mumkin edi. Yevropa Chempionlar Ligasi bu boshqacha turnir, u yerda g‘olib chiqish uchun hech qanday summa, hech qanday futbolchi kafolat bermaydi. Mana shu nuqtai nazardan qaraganda, yangi transferlar «PSJ»ga nima berdi? Keling, shu haqida fikr yuritamiz. 

Avvalo, shuni e'tiborga olish kerakki, futbol olami, futbol biznesi o‘zgarib bormoqda. Muvaffaqiyatli klub tushunchasi faqat maydondagi natija va hatto sovrinlar bilan cheklanib qolmayapti. So‘nggi yillardagi Yevropaning eng barqaror klublaridan biri bo‘lgan «Atletiko» hali ham tomoshabinlarni va homiylarni o‘ziga jalb etish bo‘yicha oqsamoqda. Sababi, jamoa maydonda har qancha muvaffaqiyat qozonmasin, u ko‘rsatayotgan o‘yinning tomoshabopligi, jamoada to‘p surayotgan futbolchilarning yulduzligi katta ahamiyat kasb etadi. Bu borada uzoq yillar ustunlik qilgan «Real», «Barselona» yoki «Manchester Yunayted» «panjasiga panja urish» uchun ham mana shu yo‘nalishda ish olib borish shart. Mbappe va Neymarning transferlari Parij klubiga, umuman Fransiya chempionatiga ajoyib marketing yurishi sifatida foyda keltirishi shubhasiz. Misol uchun, mening o‘zim, kecha ushbu o‘yinni tomosha qildim. «PSJ»ning har qanday raqibga qarshi o‘yiniga qiziqish oldingidan ko‘ra kattaroq, menga o‘xshaganlar yana bo‘lsa kerak.

Yana ta'kidlash mumkin. Klubning yangi davrdagi ambitsiyalari haqida so‘z borganda, o‘tgan yilgi YeChL nimchorak finalini eslashga ehtiyoj sezamiz. O‘shanda «Barselona» ustidan qozonilgan 4:0 hisobidagi g‘alabaning yakunda boy berilishi butun Yevropada jamoani sharmanda qildi. Hech qanday top-klub «Kamp Nou»da «PSJ» tanlagan taktikani tanlamas, aksariyat hollarda «Barselona» birinchi o‘yindan keyinoq taqdirga tan berishi lozim edi. 

Yetti yildan beri Yevropaning eng katta klublaridan biri bo‘lishga harakat qilayotgan va o‘tgan yillar davomida milliardga yaqin pul sarflab ulgurgan «PSJ» uchun bu juda qattiq zarba edi. Bu mag‘lubiyat «PSJ»ning Yevropadagi havaslariga soya soldi, hatto klub ichkarisida ham bu loyihaga bo‘lgan ishonchsizlik cho‘lg‘ab oldi.

Neymarning «Barselona»dan, Mbappening qaysidir ma'noda «Real»dan tortib olinishi, «PSJ»ning aynan ambitsiyalar borasida hali ham Yevropaning yetakchisi bo‘lishga da'vogar ekanini namoyon qildi. Ishonchim komilki, mabodo klub Chempiolar Ligasida qaytadan «Barselona» qarshisiga chiqsa, o‘tgan yilgi o‘yinni eslab oyoqlari qaltiramaydi, aksincha, yozgi transfer darichasidagi ishonchli harakatlar tufaydi, go‘yoki, «PSJ» har jihatdan favoritdek bo‘ladi. Bu muhim jihat futbolchilar ongiga ham singishi tabiiy. 

Esingizda bo‘lsa, yozning boshida jamoa yetakchilaridan biri Marko Veratti «Barselona»ga ketishni orzu qilayotgandi. Avgust oxiriga borib, go‘yoki Veratti seriali davom etadi va yakunda Parij klubiga uni ushlab qolish juda qiyin bo‘ladi, deb taxmin qilayotgandik. Chunki o‘sha paytda Barselonaga borish Veratti uchun oldinga tashlangan qadam sifatida baholanayotgan edi.

Qarangki, o‘tgan ikki oyda, hali jamoalar birorta o‘yin o‘tkazib ulgurmay, bunday fikrlar nafaqat bizning, hatto Verattining ham xayolidan chiqib ketdi. Umuman, Anxel Di Mariya, Xaver Pastore, Lukas Moura darajasidagi yulduzlarga e'tibor bering – «PSJ»da ham kuchli uchlik paydo bo‘layotgani sababli, katta ehtimol bilan futbolchilar ham aksariyat o‘yinlarda zaxirada qolib ketishlari mumkin. Jahon chempionati eshik qoqayotgan paytda, mana shu darajadagi yulduzlarning boshqa klublarda shunday vaziyatda qolganliklarini tasavvur qiling. Albatta, injiqliklarni boshlashar, ko‘proq maydonga tushishni talab qilishar, boshqa jamoaga o‘tib ketish haqida o‘ylashardi. Lekin Parijda bunday ziddiyatlar haqida eshitmadik, har bir yulduz bu loyihada ishtirok etishdan, asosiy tarkib uchun raqobatdan chekinmayapti.

Iqtisodiyotda bir paradoks bor. Mazmuni shundaki, «PSJ» Neymar uchun 222 million yevro to‘lab, rekord qo‘ydi, o‘z navbatida Neymarni juda arzonga sotib olgan bo‘lib chiqdi. «PSJ» Neymarni sotib olish orqasidan kuzatilgan o‘zgarish Neymarning narxini yanada oshirib yubordi. Qizig‘-a?

«Neymar hammasini o‘zgartirib yubordi, biz iyulda sotib olgan Lukaku, Matich kabi futbolchilar Neymar transferidan so‘ng, ikki barobar oshib ketgan bo‘lardilar» - dedi Joze Mourino. «Arzon narsa oladigan darajada boy emasman» degan ibora ham bor, eshitgandirsiz.

Xullas, Neymarga katta pul to‘lash orqali «PSJ» transfer bozorini qalqitib yubordi va bu transfer orqasidan narxlar keskin ko‘tarilib ketdi. Shu darajada ko‘tarildiki, agar «PSJ» bugun Neymarni 250 millionga sotaman desa, kamida ikkita xaridor chiqadi. Shartnomasiga atigi bir yil qolgan, 30 yoshni uray degan Aleksis Sanches uchun 70 million yevrolik muzokaralar bo‘ldi, Filippe Koutinoga 150 million so‘rashdi, «Real» Asensioning tovon pulini 500 millionga ko‘tardi. Va hokazo.

Bu raqamlar bilan solishtirilganda, yoshi, o‘yini, nomi, brendligi bilan Neymarning narxi normal ko‘rinib qoldi. Neymar va Mbappe transferi orqali, ko‘tarilib ketgan bozorda tarkibi shakllangan «PSJ» bemalol o‘ziga kerak bo‘lmagan futbolchilarni qimmat narxlarga sota boshlashi mumkin.

Bundan ham aqlli transfer siyosati bo‘lishi mumkinmi?

Qahramon Aslanov

Top