19:45 / 10.09.2017
26487

Samarqandda ekstremistlar sudlandi

Foto: Sputnik

Zo‘ravonlik yo‘li bilan O‘zbekistonda shariat asosidagi diniy davlat qurish tarafdori bo‘lgan Urgut tumanida yashovchi ikki fuqaro Jinoiy ishlar bo‘yicha Samarqand viloyat sudining qora kursisidan o‘rin olishdi.

Sud vakilining tushuntirishicha, Urgut tumanida istiqomat qilib kelgan ota-bola Jamoliddin va Hasan Pirmatov Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida mehnat migratsiyasida bo‘lib turgan vaqtlarida «Islom jihodchilari» radikal guruhining emissarlari ta'siri ostiga tushib qolishadi va jihod qilishga hamda islom xalifaligi tuzishga chorlovchi turli ekstremistik materiallarni o‘qib-o‘rganishadi.

Shu maqsadda ular Internet tarmog‘idan diniy fundamentalizm va ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi «O‘zbekiston islomiy harakati» terrorchilik tashkiloti asoschisi T.Yo‘ldoshev va boshqa radikal ekstremistik tashkilotlar vakillarining chiqishlarini yuklab olishgan va o‘rganishgan.

Ushbu shaxslar Markaziy Osiyo davlatlaridan kelib chiqqan boshqa hamfikrlari bilan Suriyada jang qilayotgan xalqaro jangari guruhlar a'zolariga qo‘shilish yo‘li bilan jihod uyushtirish g‘oyasini tuzib yurishgan. Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘la turib, ommabop ijtimoiy tarmoqlar orqali diniy ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qilishgan va o‘z qarindoshlari hamda tanishlarini O‘zbekistonda xalifalik tuzish uchun go‘yoki «muqaddas urush» olib borishga chorlashgan.

«O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmatlari xodimlari tomonidan olib borilgan operativ-qidiruv va maxsus tadbirlar natijasi o‘laroq, ushbu shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yildi. Ota va bola ushlanib, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi», — dedi sud vakili.

Jinoyat ishi materiallarini ko‘rib chiqqan va guvohlar ko‘rsatmalarini eshitgan sud H.Pirmatovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topdi va unga 10 yil ozodliklikdan mahrum etish jazosi tayinlandi, uning otasi J.Pirmatov esa 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Top