Suv bilan obod uying, gar bo'lsa u vayrona ham
(o'zgartirilgan she`r)

Kimdir yangi chiqqan ayfonni orzu qiladi, boshqa kimdir bir qultum suvni. Agar sizning uyingizda jo'mrakni burashingiz bilanoq sharillab ichimlik suvi kelsa, quvoning – ko'pchilikning qo'li yetmaydigan ne`mat sizga yog'ilib turibdi.

Farg'ona viloyati O'zbekiston tumanining janubidagi qishloqlar bu galgi muammoli maqolaning mavzui bo'ldi.

Aytish kerakki, yuqorida tilga olingan qishloqlarni tabiat toza ichimlik suvi bilan siylamagan. Ularga suv mahalliy xalq tili bilan aytganda «yuqoridan», ya`ni suvga mo'l O'qchi qishlog'idan keladi (rasmga qarang).

Tumanning Obod, Karimdevona, Oyimcha-qaqir, Dahanaqaqir, Tagob, Fayziobod, Qayquobod, Do'stlarobod qishloqlari va Sho'rsuv shaharchasida toza ichimlik suvining muammoga aylanish tarixi o'tgan asrning 90-yillariga borib taqaladi. Suv chiqarish inshooti esa ...1932 yilda qurilgan. 80 yildan ziyod xalqqa xizmat qilgan «vodokachka»ga rahmat deyish kerakmi yoki o'rniga boshqa qurish adolatli bo'ladimi?

O'qchi qishlog'idan beton ariqda keladigan suvning holatini ko'ryapsizmi? Shu suvni 35 mingga yaqin aholi iste`mol qiladi. Oq suv deyishadi. Bu «oq suv» yo'l-yo'lakay qayerlarni sug'ormaydi, kimlar cho'milmaydi...

Yetib kelgunicha azizga aylanadigan suv Karimdevona qishlog'idagi «suvolg'ich» (vodozabornik) inshootida tindiriladi. Ha, faqat tindiriladi, biror mexanik yoki kimyoviy ishlovdan o'tkazilmaydi va to'g'ridan-to'g'ri aholiga uzatiladi.

Do'stlarobod qishlog'iga suvni tindirmasdan berilganda aholi maishiy bochkada tindirib ishlatib ko'rdi. Natija shuki, 8-10 marta suv tindirgan bochkangizdan laxta-laxta loyqa olib tashlaysiz.

Xo'sh, mahalliy aholi qo'l qovushtirib turmasdan pul to'plab, artezian qudug'i qazib chiqarsa, bo'lmaydimi, dersiz? Afsuski, ushbu qishloqlarning ostida chuchuk suv zaxirasi yo'q. Yuzlab metrdan qazib ko'rishgan ammo toza ichimlik suvi chiqmagan. Kayqubodlik faol Shermuhammad Usmonov aytadi: «300 metrgacha kavladim. Suv chiqdi, ammo mineralligi juda yuqori. Ichmaslik tavsiya qilingan. Chorvaga, yuvingani ishlatib turibmiz».

Bundan tashqari, Tagob, Karimdevona, Jonobod va boshqa qishloqlarda artezian suvi qazilgan. Ammo suvning tuzi o'sha-o'sha. Bu suvdan oz-oz ichib turishadi, ammo sog'liqqa ta`siri bor. Xatna qilinmagan bolalarning qo'li chotidan tushmaydi, chunki bulbulchasining uchiga tuz to'planib, qichishtiradi. Bu qishloqlarda boqilgan mollarning jigari yomon suv ta`siridan yeb bo'lmaydigan holga keladi.

Suvsizlikdan ichi achigan mahalla oqsoqollari va faollar viloyat «Suvoqova» idorasi, hokimliklar va hatto, prezident portaligacha muammoni olib chiqqan, biroq arzirli bir natijaga erisha olmadi. Quyida yuqori idoralarga yo'llangan son-sanoqsiz shikoyat va ariza, murojaat va takliflar dastasini ko'rib turibsiz. Agar ularni sahifaga joylasak, maqolamiz nihoyatda uzayib ketadi.

Gapning po'skallasini aytadigan bo'lsak, O'qchi qishlog'idan quvur bilan ichimlik suvini tortib keltirish muammoga yechim, «oq suv» ichayotganlarning dardiga shifo bo'ladi. O'qchida artezian suvi masalasida muammo yo'q, yerni qazisa ichimlik suvi chiqadi. Faqat salkam 20 kilometrdan katta quvurda suv keltirish ancha-muncha «Farhodman» deganning ham belini bukib qo'yishi tayin. Ehtimol, shuning uchun haligacha qishloqlarga suv kelmadi. Darvoqe, taxminiy hisob-kitoblarga ko'ra, bunga 23 mlrd so'm atrofida mablag' sarflanadi. Buni davlat dasturiga kiritib, qariyb 35 ming o'zbekistonlikning ko'nglini ovlovchi inson topilarmikan?

Sh. Islomov va M. Ahmadjonov (mahalla oqsoqoli)