07:46 / 11.09.2017
30703

Saakashvili o‘z tarafdorlari bilan birga Ukraina chegarasini yorib o‘tdi

Foto: RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

Ukraina chegara xizmati Polsha bilan chegarada o‘rnatilgan “Shegini” nazorat-o‘tkazish punktida Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili va uning tarafdorlari tomondan chegaraning ommaviy ravishda buzilishi va yorib o‘tilishi haqida ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, 10 sentabr soat 20.00larda bir guruh tajovuzkor kayfiyatdagi shaxslar milliy politsiya va chegara xizmati vakillari bilan mushtlashuv chiqarib, nazorat punktiga bostirib kirib, Ukraina chegarasini buzgan. Chegarani buzib o‘tganlar orasida deputatlar ham bo‘lgan.

Avvalroq Ukraina fuqaroligidan mahrum etilgan Saakashvili 10 sentabrda Ukrainaga “Krakovets” nazorat punkti orqali qaytishini ma'lum qilgandi. Biroq u rejalarini o‘zgartirib, Ukrainaga poyezdda qaytishga qaror qilgan. Biroq u Ukraina milliy temir yo‘l kompaniyasining qarshilik ko‘rsatishi sababli poyezdda qayta olmagan. Oxir natijada u “Shegini” o‘tkazish punkti orqali Ukrainaga o‘tish uchun chegaraga avtobusda kelgan.

Siyosatchi tarafdorlari yordamida chegarachilar va politsiyachilar kordonidan o‘tib, Ukraina hududiga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. U chegarada tarafdorlari bilan avtobusga o‘tirib, Lvovga yo‘l olgan. Ukraina chegara xizmati boshlig‘i yordamchisining aytishicha, Saakashvili chegara nazoratidan o‘tmagani sababli Ukraina chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan.

Shu munosabat bilan Ukraina chegara xizmati prokuraturaga murojaat qilishga qaror qilgan.

“Bu yerda bir qator qoidabuzarliklar bor. Hozir bizning vazifamiz bu qoidabuzarliklarni qaynoq izlar bo‘yicha qayd qilib, ularni prokuraturaga topshirishdan iborat. Bu qoidabuzarliklar qo‘riqlanuvchi obektga bostirib kirish, Polsha tomoni bilan xalqaro kelishuvlarning buzilishi, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish, chegara xizmati xodimlariga tan jarohatlari yetkazishdan iborat”, deb aytgan mutasaddilardan biri.

Ma'lum qilinishicha, materiallarni prokuraturaga topshirish uchun ma'lum vaqt ketadi. Rasmiy Kiyev ham Saakashvilini chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblagan.

“Ichida tayyorlangan odamlar bo‘lgan olomon chegara o‘tkazish punktidan yorib o‘tib, deyarli Polsha hududiga bostirib kirib, u yerdan Mixail Saakashvilini olib, chegarachilar bilan janjal chiqarib, Saakashvilini Ukrainaga tortib ketdi”, deb aytgan manba.

Avvalroq Ukraina prezidenti Saakashvilini fuqarolikdan mahrum etgandi. Saakashvilining o‘zi bu vaqtda AQShda bo‘lgan, keyinroq Polsha, Litva va Vengriyaga tashrif buyurgan. U bir necha marta Ukrainaga qaytish istagida ekanligini aytgan. Kiyev esa bu orada uning Gruziyaga ekstraditsiya qilinishi masalasini o‘rganayotgani ma'lum qilingandi.

Top