08:27 / 12.09.2017
7398

BMT Xavfsizlik kengashi KXDRga qarshi sanksiyalarni bir ovozdan kuchaytirdi

Foto: AP

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi KXDRning oltinchi yadro sinovini o‘tkazganiga javoban sanksiyalarni kuchaytirish bo‘yicha rezolyutsiyani yakdillik bilan qabul qildi. AQSh tomonidan tayyorlangan hujjat XKning barcha a'zolari, xususan Rossiya va Xitoy tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. 

Yangi cheklovlar Shimoliy Koreyadan to‘qimachilik mahsulotlari xarid qilishni va ushbu mamlakatga gaz kondensatlarini yetkazib berishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, XK KXDRga eksport qilinadigan neft mahsulotlarining yillik miqdoriga ham cheklov qo‘ydi. Unga ko‘ra, shu yilning 1 oktabridan 31 dekabr sanasigacha 500 ming barrel, 2018 yil va undan keyingi yillarda har yili 2 mln barreldan ortiq yetkazib berish mumkin emas. 

Ammo, 2375 sonli hujjatda KXDRga neftning o‘zini yetkazib berish borasida aniq raqamlar ko‘rsatilmagan. Buning o‘rniga uglevodorod xom-ashyosini ushbu davlatga sotish so‘nggi bir yildagi miqdordan oshmasligi kerakligi qayd etilgan. Rezolyutsiya, shuningdek, KXDRga nisbatan jazo chorasini buzishda gumon qilinayotgan kemalarni ochiq dengizda tintishga ruxsat beradi. 

Amerika tomoniga ko‘ra, yangi hujjat avvalgi rezolyutsiyalardagi cheklovlar bilan birga KXDRni mahsulotlar va xom ashyo dan tushadigan daromadining 90 foizidan ko‘prog‘idan mahrum etadi. Xususan, 2016 yili KXDRning eksportdan tushumi 2,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan 760 mln dollarga yaqini tekstil mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. 

Ta'kidlanishicha, hujjatda Koreya yadro dasturi bilan bog‘liq muammoni tinch yo‘l bilan hal etishga urg‘u berilgan. Barcha davlatlar suvereniteti muhimligi, Koreya yarim orolidagi vaziyat keskinlashuvi "mintaqaviy xavfsizlik uchun juda xavfli va yirik oqibatlarga olib kelishi mumkinligi" qayd etilgan.

Mavzuga oid
Top