19:29 / 12.09.2017
46076

«Ikki fuqarolik» nimasi bilan tavakkalchilik?

Foto: Norma.uz

Bir oycha avval e'lon qilingan «Fuqarolikni yo‘qotish masalalarini rasmiylashtirish bo‘yicha materiallar tayyorlash tartibi haqidagi yo‘riqnoma» o‘quvchilarni juda qiziqtirib qoldi. Norma.uz tahririyatiga chet elga ko‘chib ketgan va xorijiy davlat fuqaroligini olgan shaxslardan ko‘plab murojaatlar bo‘layapti. Shunday savollarning ba'zilariga portalning eksperti Oleg Zamanov javob berdi.

— Sharhni o‘qib chiqishganidan so‘ng xorijda bo‘lib turgan ayrim fuqarolarimizda kim xorijiy davlat fuqaroligini olgan bo‘lsa, avtomatik ravishda O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotganmiz, deb o‘ylashmoqda. Shundaymi?

— Yo‘q. Bu masalada bir necha o‘ta muhim jihatlar bor va ularni nazardan qochirmaslik kerak bo‘ladi.

Birinchisi. Hamyurtimiz xorijiy davlat fuqarosiga aylangan sana muhim rol o‘ynaydi. Eslatib o‘tamiz, xorijiy davlat fuqaroligini qabul qilish mamlakatimiz fuqaroligini yo‘qotish uchun asos bo‘lishi haqidagi modda «Fuqarolik to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shilganiga bir yilcha bo‘ldi (23.09.2016 yilda — tahr.).

Bu tuzatish 2016 yil 24 sentabrdan kuchga kirdi. Shu sanagacha xorijiy davlat fuqaroligini olgan shaxslar bu asosda O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishmaydi. Agar fuqarolikni yo‘qotish uchun boshqa asoslar bo‘lmasa («Fuqarolik to‘g‘risida»gi qonunning 21-moddasiga qarang) va inson fuqarolikdan chiqish uchun ariza bermagan bo‘lsa, u mamlakatimiz fuqaroligi huquqiy statusini saqlab qoladi.

Ikkinchidan. Agar xorijiy davlat fuqaroligi hattoki 24.09.2016 yildan keyin olingan bo‘lsa ham bizning fuqaroligimiz faqat Prezidentning tegishli farmoni imzolangan kundan keyingina yo‘qotiladi. Ta'kidlab o‘tamiz: qonunga tuzatishlar kiritilgan kundan yoki boshqa davlat fuqaroligini olgan sanadan e'tiboran emas.

Muayyan shaxslarning fuqaroligi yo‘qotilgani haqidagi farmonning nusxalari O‘zbekistonning xorijdagi konsullik idoralariga jo‘natiladi va u yerda bu fakt qayd etiladi. Konsullik idorasiga kelgan va O‘zbekiston pasportini topshirgan shaxsga fuqaroligini yo‘qotganlik haqidagi ma'lumotnoma taqdim etiladi.

Prezident farmoni imzolangunga qadar inson O‘zbekiston fuqarosiga tegishli barcha huquqlardan, jumladan, siyosiy huquq (aytaylik, saylovlarda qatnashish) va majburiyatlar (deylik, soliq majburiyatlari, harbiy majburiyat va hokazolar) ga ega bo‘ladi.

— O‘sha asos ta'sir qiladiganlar qayerga murojaat qilishlari kerak? Qanday hujjatlar taqdim etilishi kerak va fuqarolik yo‘qotilishini uchun to‘lov undiriladimi?

— Fuqaroliqdan chiqishni undan ayrilish bilan chalkashtirmaslik kerak. Birinchi holatda chindan ham fuqarolikdan chiqish to‘g‘risida mamlakatimiz prezidenti nomiga ariza berib, kerakli hujjatlar to‘plamini taqdim etib, fuqaroning qayerda yashashiga — O‘zbekistonda yoki chet eldaligiga ko‘ra eng kam oylik ish haqining 2 barobaridagi davlat boji yoki 100 AQSh dollari miqdorida konsullik yig‘imi to‘lanishi kerak.

Fuqarolikning yo‘qotilishi esa uning egasining jarayonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashuvisiz ro‘y beradi. Ya'ni, shaxs O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotilishi jarayonini boshlab berishi, uni tugatishga yoki qandaydir yo‘l bilan unga ta'sir ko‘rsatishga qodir emas. O‘z-o‘zidan bu holatda ariza ham berilmaydi, yig‘im ham yig‘ilmaydi.

Ushbu asos (xorijiy davlat fuqaroligini qabul qilish — tahr.) bo‘yicha fuqarolikning yo‘qotilishi mexanizmi ikki idora — tashqi ishlar vazirligi va ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Aynan ular xorijiy davlat fuqaroligini olgan shaxslarni aniqlaydi, ma'lumotlarni tekshiradi va materiallarni rasmiylashtirib, Prezident huzuridagi fuqarolik masalalari bo‘yicha Komissiyaga yo‘naltiradi.

Yo‘riqnomaning o‘zi esa bu jarayonda idoralararo hamjihatlikni tartibga soladi. O‘quvchilar buni tushunishlari juda muhim, deb hisoblaymiz.

— Ikkinchi fuqarolikni qo‘lga kiritgan hamyurtlarimiz uchun qanday sanksiyalar qo‘llaniladi?

— Ikkinchi fuqarolikni olganlik faktining o‘zi hech qanday mas'uliyat yuklamaydi. Biroq bu yerda bir qator muhim jihatlarga e'tibor qaratish lozim bo‘ladi. Agar xorijiy fuqarolik (tabaalik) 2016 yil 24 sentabrgacha olingan bo‘lsa, bizning fuqarolarimizning unga tegishliligi tan olinmaydi. O‘z-o‘zidan, ular o‘zlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun O‘zbekiston milliy qonunchiligiga ko‘ra javobgar bo‘lishadi. Bu yerda turli vaziyatlar bo‘lishi mumkin.

1-vaziyat. Fuqaro xorijiy davlatga boradi. Xorijiy davlatda uzoq vaqt bo‘lgach, u o‘sha yoqdan olgan xorijiy yoki muddati o‘tgan O‘zbekiston pasporti bilan O‘zbekistonga keladi.

Xorijiy davlatda doimiy asosda yoki vaqtinchalik yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatimizga faqatgina amal qilish muddati tugamagan, haqiqiy O‘zbekiston pasporti yoki qaytish uchun sertifikat yordamida erkin kirib kelishlari mumkin.

O‘z-o‘zidan, xorijiy pasport yoki O‘zbekiston Respublikasining muddati tugagan (haqiqiy bo‘lmagan) pasporti bilan kirib kelish o‘rnatilgan tartibning buzilishi hisoblanadi va Jinoyat kodeksining 223-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi.

2-vaziyat. O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaga jo‘nab, u yerda Rossiya fuqaroligini olgan. Keyinchalik u Janubiy Koreyaga boradi, holbuki uning O‘zbekiston pasportidagi xorijiy davlatga chiqish uchun ruxsat beruvchi stikerning amal qilish muddati o‘tgan bo‘ladi.

Rossiya bilan bizda ikki tomonlama vizasiz rejim amal qiladi, Janubiy Koreyaga kirish uchun fuqarolarimizga viza rasmiylashtirish talab etiladi. Shu sababli u yerga hattoki Rossiya Federatsiyasidan turib muddati tugagan stiker bilan kirish ma'lum bir risklarni keltirib chiqaradi.

Agar shaxsning O‘zbekiston fuqaroligiga tegishliligi aniqlansa (bunaqasi tez-tez sodir bo‘lishini e'tiborga olish kerak), masalan, Koreya qonunchiligi buzilgan holatda, qonunbuzarning hujjatlari va u haqidagi ma'lumotlar sinchiklab o‘rganilsa, butun vaziyat JKning 223-moddasi bo‘yicha javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin (Oliy sud plenumining 25.11.2011 yildagi №9-qarori 7-bandi, 1-xatboshisiga qarang).      

Xuddi shunday risklarga fuqarolikdan voz kechish uchun ariza bergan yoki tegishli tarzda O‘zbekiston fuqaroligini tugatish haqida Prezident farmoni chiqqunga qadar «Fuqarolik to‘g‘risida»gi Qonunning 5-bandi, 21-moddasi ta'siri ostiga tushgan fuqarolar ham kiradi.

Top