15:48 / 12.09.2017
111315

Leo Bokeriya Islom Karimov haqida: Toshkentga uchib kelganimda hech narsaning iloji qolmagandi

Foto: O‘zA

O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etganiga bir yildan ortiq vaqt o‘tdi. Mustaqil respublika asoschisi, buyuk davlat arbobi, Vatanning sodiq himoyachisi xotirasi nafaqat O‘zbekistonda, balki mamlakatimiz tashqarisida ham hurmat bilan yodga olinmoqda, deb yozmoqda «Jahon» axborot agentligi. 

Bakulev nomli yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy markazi direktori, Rossiya tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi Leo Bokeriya Islom Karimov bilan bog‘liq xotiralari haqida o‘rtoqlashdi.

-  Islom Karimovning vafot etishi – butun mamlakat uchun, ayniqsa, u bilan suveren davlatga aylanishning qiyin yo‘lini birga bosib o‘tganlar uchun katta yo‘qotishdir.

Men bu buyuk inson bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘lganman. Men Prezidentning shaxsiy mehmoni sifatida 2004 yilda qabul qilingandim. U bilan uchrashuv do‘stona muhitda bo‘lib o‘tgandi. Islom Karimov ko‘plab masalalar, jumladan, respublika oldida turgan vazifalar va rivojlanish istiqbollari haqida gapirdi.

Bizning navbatdagi uchrashuvimiz Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Toshkentda perinatal davrda o‘limning oldini olishga bag‘ishlangan forum o‘tkazilganida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning do‘stlari baxtiga, mamlakatdagi vaziyat sobiq Sovet Ittifoqining ko‘pgina respublikalariga qaraganda ancha yaxshiroq ekani ma'lum bo‘ldi.

O‘tgan yili menga kutilmaganda qo‘ng‘iroq qilishdi va Islom Karimov bilan yuz bergan holat haqida xabar berishdi. Bu tiniq osmonda yuz bergan momaqaldiroq kabi bo‘ldi. Toshkentga uchib kelganimda hech narsaning iloji qolmagandi, vaziyat aslida boshidan shunday bo‘lgan bo‘lsa kerak. Bu kutilmaganda yuz bergan dard edi, u, odatda, bu holatda nima bilan yakun topgan bo‘lsa, shunday tugaydi.

O‘zbekiston Prezidentining bevaqt o‘limi – barcha uchun katta baxtsizlik. Bunday noyob shaxslar, ular qaysi vaqtda yashashmasin, o‘zlaridan so‘ng juda chuqur iz qoldiradilar.

Top