11:30 / 12.09.2017
72320

Mirabror Usmonov yangi rahbariyatga maslahat berdi

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston futbol federatsiyasining sobiq prezidenti Mirabror Usmonov o‘z lavozimini topshirishdan oldin so‘nggi bayonotini bildirib o‘tdi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda.

«Barchangizni ko‘rib turganimdan xursandman. Chunki bu kabi yig‘ilishlar har doim ham bo‘lavermaydi. Ko‘pchilik futbol o‘sayotgani haqida gapirdi. Ammo kamchiliklar haqida ham eslash kerak. Meni O‘FF rahbarligiga taklif etishganiga mana 12 yil bo‘ldi. Barpo etilgan stadionlar, yaratilgan qulay shart-sharoitlar, bularning barchasi mening xizmatim emas. Bu avvalo O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov va o‘sha vaqtlarda Bosh vazir lavozimida ishlagan Shavkat Mirziyoyevning rahnamoligida amalga oshirilgan ishlardir.

2006 yilda kelganimda, mendan ortiqcha narsalarni kutmanglar, deb aytgandim. O‘shanda ham jahon chempionatiga olib chiqishni talab qilmasliklarini so‘raganman. 10 yillardan keyin nimadir qilish mumkin degandim. Chunki bizda poydevor yo‘q edi.

Hozir O‘FFga yangi prezident saylandi. Ularga omad tilayman. Ular o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadga erishsin deb duo qilamiz.

Yangi rahbariyatga bitta maslahatim — hech qachon tanqiddan qochmanglar. Tanqid yaxshi narsa. Ishlagan odamnigina tanqid qilishadi. Ishlamagan odamni birov esga ham olmaydi, tanqid ham qilmaydi.

Ammo tanqid ham har xil bo‘ladi. 100ta tanqiddan 20tasi to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Bu yerda jurnalistlarimiz ham o‘tiribdi. Ular o‘z vaqtida bizni tergab turishdi, fikrlarini berishdi. Biz ularga e'tibor berdik. Demak O‘zbekistonda sportning, futbolning rivojlanishida ularning va muxlislarning ham katta hissasi bor deb bemalol ayta olaman.

Men bir armon bilan ketyapman. Men ishlagan davrda Jahon chempionatiga chiqa olmadik. Bu ishni uddalasak, juda yaxshi bo‘lardi. 4 yildan keyin O‘zbekiston terma jamoasi ham jahon chempionatiga chiqadi va u yerga borganda bizni uyaltirib qo‘ymaydi degan umiddaman», - deya gapirib o‘tgan Mirabror Usmonov.

 

Top