20:50 / 12.09.2017
10086

O‘zbekistonlik suzuvchilar Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida ikkinchi bo‘ldi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston suzish federatsiyasi hamda Osiyo suzish federatsiyasi (AASF) tomonidan suv sporti turlari bo‘yicha IX Osiyo chempionati o‘tkazildi.

Chempionatda Osiyoning 26 davlatidan mingga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi. Musobaqada O‘zbekiston sharafini 130 nafardan ortiq sportchi himoya qildi.

«Suv sporti majmuasida» suzish bo‘yicha o‘tgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi jami 31 medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Xurshidjon Tursunov, Odilbek Yusupov, Artem Kozlyuk, Vladislav Mustafin, Fotima Omilova, Maftunabonu To‘xtasinova, Nataliya Kritinina va Alyona Vasileva turli masofa va yo‘nalishda bir necha bor shohsupaga ko‘tarildi.

Chempionatda o‘g‘il bolalar o‘rtasida O‘zbekiston terma jamoasi 11 oltin, 3 kumush va 5 bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar 2 oltin, 4 kumush va 6 bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston jamoasi 13 oltin, 7 kumush va 11 bronza medal bilan umujamoa o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Musobaqada Yaponiya terma jamoasi birinchi, Tailand termasi esa uchinchi o‘rindan joy oldi.

Top