Bugun tibbiyot xodimini besabab kaltaklab, istaganicha haqorat qilgan oila kun mavzusiga aylandi. Ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan audioyozuvda shifokorga nisbatan hayvonlarcha munosabat qilinganiga guvoh bo'lish mumkin. Kun.uz jurnalisti voqeani batafsil o'rganish uchun joylarda bo'ldi.

Bu holatni qanday tasvirlashga ham hayronman: 24 soatlik tanaffussiz ish faoliyati davomida shifokor har bir vaziyatga shay turishi lozim. U belgilangan vaqtda tushlik qilib, uxlab, hordiq chiqarib, hayotdan bahramand bo'lmaydi. Har ikki kunidan birida ana shunday tartib asnosida insonning hayotini yaxshilash, uning sog'lig'ini tiklashni oldiga maqsad qilib, har tong ishga otlangan shifokor oy yakuniga ko'ra 800 ming so'm atrofida maosh oladi, undan 700 ming so'm mablag' naqd yoki plastik kartadagi pul ko'rinishida qo'liga yetib keladi. Bu shoshilinch tez tibbiy yordam xizmatida mehnat qiladigan shifokorning oddiy hayotidan bir bo'lak, feldsher maqomida, tabiiyki, daromad yana kamayib boradi.

10 sentabr kuni xizmat vazifasini bajarib turgan Mirzo Ulug'bek tumani 5-bo'lim Tez tibbiy yordam bo'limi shifokori Zafar Qayumov navbatdagi chaqiruv orqali ushbu tumandagi Qora-su 4-mavzesi 1-uy, 9-xonadonga yo'l oldi. Unga hamkorlik qilgan feldsher Timur Hikmatovga esa har ehtimolga qarshi uyali aloqa diktofonini yoqib qo'yishini tayinlaydi. Buning sababini quyida anglab olasiz. Qayumovning aytishicha, sahar soat 5:20 lar atrofida xonadonga kirib kelgach, chaqiruvga sabab bo'lgan bemor bola uyquda ekanini aniqlaydi. Shunga qaramay, unga yaqinlashib, o'pkasini eshitishni boshlaydi. Mutaxassisning fikricha, har qanday pediatr bolaning ahvolini anglash uchun bu oddiy amaliyotni bajaradi. Audioyozuvni tinglab tushunish mumkinki, bolaning og'iz bo'shlig'ini ko'rib, unga tashxis qo'yishga kirishgan shifokorga bemorning otasi Abdumalik Karimov tashlanib qoladi.

«Sen bolamga qaramoqchi emassan, bilmaysan davolashni» qabilidagi iddaolar bilan Zafarning o'ng ko'ziga musht tushirdi. Gandiraklab yerga qulagan savlat borib tibbiy qutiga urildi. O'zining ahvoli nochorligiga qaramay, bemorga beg'araz yordam ko'rsatmoqchi bo'layotgan shifokor xonadon egalarining ming malomat va so'kinishlari ostida ishini davom ettirgan. Dag'dag'a va behayo so'zlarga parvo qilmay, menga ishlash uchun imkoniyat berasizmi, deb yalinishni boshlaydi...

Achinarli holat eshitilib turgan audiyozuvni tinglashga ortiq kuch qolmadi.

Ish qurollarimni olib mustaqil surishtiruv o'tkazish uchun Zafar Qayumov ishlagan maskanga tashrif buyurganimda, uning bir necha hamkasblari, xususan, rahbari Sherzod Ro'ziyev «qo'y og'zidan cho'p olmagan, bilimli shifokorlaridan biri» haqida gapirib berdi. Qizig'i, 5-bo'lim Tez tibbiy yordam bo'limi shifokorlari Boltayev Zafar, Mamasiddiqov Soat, feldsher Boymakov G'ayratning boshiga aynan shunday kunni tushirgan A.Karimov hech nima tap-tortmay yana bir shifokorni do'pposlagan. Uning avvalgi qilmishlari jiddiy ko'rib chiqilmagan shekilli, kelgusida ham bu ishni davom ettirdi. Aynan Zafar Qayumovning o'zi shunday holatga avgust oyining boshida tushgani uchun diktofonni yoqib olgan bo'lib chiqdi. Xonadon egalari bir necha marta «portal» orqali shikoyat yo'llab, shifokorlarni bir nechta masalada ayblagan.

Jurnalist Abdumalik Karimov yashab kelayotgan manzilga borib, qo'ni-qo'shni va uchastka noziridan u haqda fikr so'raganida, oxirgi paytlarda shifokorlar bilan nizoli vaziyatlar ko'payganini ta`kidlashgan. Hududdagi uy-joy shirkat xo'jaligi vakilining aytishicha, ushbu oila shikoyat yozish va arz qilishda «birinchi». Butun dunyo bo'ylab, uyga tashrif buyuruvchi shifokorlarning u yoki bu holatda bemorlar tomonidan tajovuzga uchrab turishi bor gap, masalaning mohiyati shundaki, arz va shikoyat kelitirishning o'z odobi, tartibi mavjud.

Ayni paytda shifokor Zafar Qayumov Respublika Neyroxirurgiya ilmiy markazida davolanmoqda. U shifoxonaga yetkazilganda, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, peshona yumshoq to'qimalarining lat yeyishi, ko'z kosasi gematomasi, subkonyuktival o'ng tomon ko'zga qon quyilishi tashxisi qo'yildi.

Kun oxirlab borar payti, yo'lda o'ylanib qoldim, barcha ko'rgilik va sitamning bahosi 700 ming so'm maoshmi? Aslo, axir, shifokorlar orasida mana shunday xalq manfaati uchun har qanday qiyinchiliklarga chidab kelayotganlar bor-ku? Uni do'pposlab turgan bemorlar masalasini esa huquq-tartibot organ xodimlari tegishlicha o'rganib chiqadi, degan umiddamiz.