14:34 / 12.09.2017
5880

Sog‘liqni saqlash vaziri JSST Yevropa mintaqaviy byurosi sessiyasida ma'ruza qildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shu yilning 11 sentabrida o‘z ishini boshlagan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosining 67-sessiyasi qizg‘in pallaga kirdi. Budapesht shahrida o‘tayotgan ushbu tadbirda 53 ta a'zo davlatlar qatorida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda, deb xabar berdi KUN.UZ’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati. 

Bu yilgi sessiyada JSSTning 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan umumiy ish dasturi, “Salomatlik-2020” siyosatini amalga oshirish, Yevropa mintaqaviy byurosiga a'zo davlatlar o‘rtasida dori-darmon ta'minoti bilan bog‘liq aloqalarni yaxshilash kabi dolzarb mavzularda muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda.  

JSST Yevropa mintaqaviy byurosining 67-sessiyasida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ham ma'ruza qildi. O‘z chiqishida A.Shodmonov “Salomatlik — 2020” siyosatini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston tibbiyotida olib borilayotgan islohotlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. 

— 2012 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining 53 ta a'zo davlati qatorida O‘zbekiston ham “Salomatlik — 2020” strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan edi. Ayni damda uning mavjud to‘rt ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha tizimili chora-tadbirlar olib bormoqda, — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. — O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta'lim sohalarini tubdan isloh qilish, aholi turmush darajasini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, atrof-muhitni muhofaza etish va ekologiyani asrab-avaylash masalalari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yangi bosqichga ko‘tarildi. “Salomatlik — 2020” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblangan infeksion va noinfeksion kasallik ko‘rsatkichlari keskin kamayib borayotir. Bunda davlat byudjyeti hisobidan  bolalarni o‘n ikkita xavfli kasallikka qarshi emlash taqvimi rejali tashkil etilgani katta ahamiyatga ega.  

Shundan so‘ng A.Shodmonov mamlakatda tibbiy islohotlar borishining muhim asosi hisoblangan huquqiy hujjatlarga to‘xtalib, qisqa fursat ichida davlat rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan 30ga yaqin soha rivojiga oid farmon, qaror va farmoyishlar qabul qilingani va ular ijrosi bosqichma-bosqich ta'minlanayotgani ta'kidlab o‘tdi. 

Aytish o‘rinliki, mamlakatda ushbu xalqaro anjumanda muhokama etilayotgan dolzarb masalalardan biri sil kasalliklarini davolash bo‘yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, sil kasalliklarini davolash samaradorligi bugun 87 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu ko‘rsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija ko‘lami yanada yaxshiroq anglashiladi. Yana bir e'tirof etishga arzirli yutug‘imiz, JSST ma'lumotiga ko‘ra, silga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ftiziatriya xizmatining Yevropa hududidagi 53 mamlakat orasida kuchli uchtalikdan o‘rin olgani bo‘ldi. Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlarga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q. Barchasi davlat darajasidagi e'tibor samarasidir.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining ma'ruzasidan so‘ng JSST Bosh direktori Tedros Gebreyyesus va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab mamlakatda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston tibbiyotida yaratilayotgan yangi tizim “Salomatlik — 2020” strategiyasiga to‘la mos keladi.

Mavzuga oid
Top