Kun.uz tahririyatiga Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida avgust oyi oxirida ro'y bergan hodisa videosi yuborildi.

Bu videoda Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Mahmudovich Egamberdiyev tumandagi maktablarning direktorlarini yig'ib, ularni bir qatorga tergan holda kaltaklagani tasvirlangan.

Tuman hokimining so'zlaridan anglash mumkinki, maktab direktorlari Mustaqillik bayramiga o'qituvchilarni olib kelmagani uchun jazolanishgan.

«Bechora rayono mudirini itdek qilaman, aslida sen ham aybdor. Nega rayoningni hurmat qilmaysan?», deya baqiradi hokim.

U direktorlardan birining yuziga urish barobarida «Vatan mustaqilligi sening mustaqilliging emasmi? Bayrammasmi?» deya so'roqqa tutib, haqoratlashni davom ettiradi.

Kun.uz manbasining ma`lumotiga ko'ra, tumanda Mustaqillik bayrami avvaliga 25 avgust kuniga belgilangandi, keyin bayram kuni 27 avgustga qoldirilgan. Maktab direktorlarining ayrimlari bayram uchun yiqqan odamlarini 27 avgust kuni ham takroran bayram hududiga olib kela olishmagan, ayrimlari bayram qaysi kunga qoldirilganidan bexabar ham bo'lishgan. Natijada 27 avgust kuni bayramda tomoshabin kam bo'lgan. Viloyat hokimi esa bayram yuqori saviyada tashkillashtirilmagan, deb Nosirjon Egamberdiyevga xayfsan bergan. Shundan so'ng, tuman hokimi maktab direktorlaridan «alamini olgan».

Eslatib o'tamiz, Nosirjon Egamberdiyev Sayxunobod tumaniga 2016 yilning oktabrida hokim etib tayinlangandi. U bungacha Sirdaryo viloyati o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmasi boshlig'i bo'lib ishlagan.

Kun.uz tahririyati tegishli davlat idoralari, xususan, O'zbekiston respublikasi bosh prokuraturasi va Xalq ta`limi vazirligi bu holatga e`tibor qaratib, fuqarolarning poymol etilgan huquqlari tiklanishi uchun ish olib borishini so'raydi.