Yodingizda bo'lsa, joriy yilning iyul oyida 12 yoshni qarshi olgan Jamshidjon Ergashev uchun xayriya aksiyasini tashkil etgan edik. O'shanda Jamshidjonning onasi Muhabbatxon Ergasheva davolanish uchun Hindiston davlatiga borishlari lozimligi haqida aytgan edi. Keyinchalik ma`lum bo'lishicha, uning kasalligi tashxisi bilan Toshkentda ham davolanishi mumkin ekan. 

Xayriya aksiyasi davomida to'plangan mablag' Jamshidjonning salomatligini tiklashga yetdi, hatto ortib ham qoldi. Uning onasi bu haqda biz bilan suhbatda ma`lum qildi.

“Yordam qo'lini cho'zgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildiraman. Bizga davolanishga ancha mablag' tushdi. Katta rahmat. Istagim – dunyoda hech bir bola kasal bo'lmasin. Bugungi kunga qadar o'g'limga ortig'icha pul yig'ildi. Kelajakdagi davolanish uchun ham pulimiz bor. Qolgan pulni xayriya qilib xasta bolalarga tarqatmoqchiman. KUN.UZ sayti o'quvchilariga minnatdorchiligimni qanday bildirishni ham bilmayman. Yordam qo'lini cho'zgan barchaga katta rahmat”, - deydi Muhabbatxon Ergasheva.

Shu kuni ortib qolgan mablag'lar O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot institutida davolanayotgan bolalarga tarqatildi.

Aziz yurtdoshlar! Ushbu xayriya aksiyasida ishtirok etganingiz uchun sizga katta rahmat! Bemor bolalar onalarining ko'zlarida dard va quvonchni ko'rish juda og'ir. Sinovli dunyo, imtihon dunyo. Hech birimiz dunyo ziynatlariga aldanmaylik. Sizga yana bir bor rahmat, aziz yurtdoshlar!