Bugungi kunda fuqarolar kommunal to'lovlarni o'z vaqtida amalga oshirib kelmoqda. Lekin, ba`zi tuman elektr, gaz yoki suv ta`minoti korxonasi xodimlari tomonidan qarzdorlik holatlari noto'g'ri hisoblanmoqda. Bunday vaziyatlar bo'yicha iste`molchilardan ham bir necha arizalar kelib tushmoqda. Bu haqda KUN.UZ’ga Qoraqalpog'iston Respublikasi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi matbuot va axborot sektori xabar qildi.

Xususan: Xo'jayli tuman iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga mazkur tuman Sarako'l OFY mahalla posboni yozma ariza bilan murojaat qildi. Unda ko'ra, Sarayko'l OFYda yashovchi 189 fuqaroning xonadoniga jami 56.875.313 so'm qarzdorlik borligi haqida qarzdorlar ro'yxati kelganligi, lekin ilgari ham Xo'jayli tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan bir necha bora asossiz qarzdorlik yozilgan holatlar uchraganligi bois shu ro'yxatdagi yozilgan qarzdorlik holatini o'rganib chiqishini so'ragan.

Mazkur holat Xo'jayli tuman Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o'rganib chiqildi. Natijada quyidagilar aniqlandi: tumanning Sarayko'l OFYsida yashovchi 189 fuqarodan 141 fuqaroga asossiz qarzdorlik yozilgan. Aslida esa mazkur OFYning 46 xonadonidagina elektr korxonasidan qarzi mavjud bo'lgan. Natijada fuqarolar hisobiga yozilgan 56.875.313 so'm qarzdorlik 4.292.202 so'm ekanligi aniqlandi. Ya`ni 141 iste`molchilar foydasiga 1 kunda 52.579.111 so'm hal qilindi.