Angliya Premer Ligasining eng mashhur nomlaridan biri Sem Ellardays o'zining g'alaba qozonish formulasini oshkor qildi. Bu formula 7 asosiy qoidadan tashkil topar ekan. 

1. GOL O'TKAZMASLIK
«Agar o'z darvozangizni daxlsiz saqlasangiz, g'alaba qozonish uchun birgina gol kifoya. Himoyadagi ishonchli o'yin mavsumdagi yaxshi natija uchun poydevor bo'ladi, axir har o'yinda 2-3 gol urishning iloji yo'q» – deydi Sem Ellardays.

«Kristal Pelas» men kelgunimcha 17 turning faqat bittasida gol o'tkazib yubormagandi, xolos. Biz yangi futbolchilarning avvalo, himoya chizig'imizni kuchaytirishi kerakligiga e`tibor qaratdik. Bu o'z navbatida hujumchilarimizga ham ishonch, ham erkinlik olib keldi»

«Kristal Pelas» o'z darvozasini daxlsiz saqlay olishi uchun yana 6 o'yin kerak bo'ldi. Keyingi 16 o'yinning oltitasida esa jamoa «quruq» o'yin o'tkazdi va bu o'yinlarda g'alaba qozondi.   

2. MAYDONNING BIRINChI YaRMIDA TO'P O'TKAZMASLIK
«Premer Liga klublari bunday xatolarni kechirmaydilar. Orqada maksimum 4 futbolchi bo'lgan vaziyatda to'pni yo'qotasiz va raqibda tezkor hujum va darvozaga zarba berish imkonini yaratasiz».

3. HUJUM BOShLAShDA FAQAT OLDINGA TO'P UZATING, ORQAGA VA YoNGA PAS BeRIShDAN QOChISh KeRAK
«Men faqat oldinga qarab o'ynaydigan futbolda tarbiya topganman. Agar oldinga to'p uzatish varianti bo'lsa, albatta o'shani tanlash kerak. Hatto eng yaxshi himoyaga ega bo'lgan jamoalarga qarshi o'yinlarda ham, himoyadan hujumga tez o'tilsa, gol urish imkoniyati oshib ketadi. Haddan ziyod to'p uzatmalarni amalga oshirish raqibda o'z himoyasini tashkillab, uni o'tib bo'lmas devorga aylantirishiga sharoit yaratadi».

Rostan ham, «Katta Sem» jamoalari o'yiniga e`tibor bersangiz, bu qoida ishlashiga guvoh bo'lamiz. So'nggi 5 yilni oladigan bo'lsak, u murabbiylik qilgan klublar umumiy paslar ichida oldinga uzatilgan paslarning salmog'i bo'yicha doim beshlikda bo'lgan.  

2012-13, «Vest Hem» - 46,7 foiz - 1-o'rin
2013-14, «Vest Hem» - 45,2 foiz - 1-o'rin
2014-15, «Vest Hem» - 43,7 foiz - 5-o'rin
2015-16, «Sanderlend» - 43,6 foiz - 2-o'rin;
2016-17, «Kristal Pelas» - 42,7 foiz - 2-o'rin

4. YuQORIDAGI HAR BIR TO'PNI EGALLAShGA HARAKAT QILING
Uzun paslar bilan o'yinda Ellardays qanotdagi insaydlarning markaziy hujumchi Kristian Bentekega yaqin bo'lishlari kerakligini aytadi. 

«Agar bir joyda tursangiz, uzun paslarni egallash imkoni deyarli bo'lmaydi. Harakatda bo'lgan jamoa uchun to'pning qayerga borishiga mos ravishda qulay zonalarni egallash osonroq bo'ladi. Yuqori qavatdagi kurashlardan keyin ham, to'pni egallash uchun qulay joyni tanlash kerak», – deydi murabbiy. 

Benteke aksariyat hollarda yuqori qavatdagi kurashlarda g'olib chiqadi, uning atrofiga tezkor, chaqqon futbolchilarni qo'yib, pastga tushgan to'pni egallab olish mumkin. 

5. STANDART VAZIYaTLARDAGI USTUNLIK
2016 yil bahorida «Sanderlend»ni ligada olib qolgan Sem Ellardays edi. Uning boshchiligida jamoa APL klublari ichida standart vaziyatlardan eng ko'p gol urgan va eng kam o'tkazib yuborgan jamoa sifatida qayd etilgandi. Albatta, aynan shu jihat jamoaning yakunda ligada qolishida katta ta`sir ko'rsatdi. 

6. RAQIBNING OJIZ TOMONLARIDAN FOYDALANING
Ellardays o'tgan mavsumda «Kristal Pelas» bilan birga peshqadam «Chelsi»ni qanday yutganini aytib beradi. 

«Biz ularning «Stok Siti»ga qarshi o'yinlarini ko'rdik. «Stok Siti» autdan to'p o'yinga kiritilayotganda doim «Chelsi» o'yinchilarini qattiq qo'riqlashdi va to'pni tezda egallab olaverishdi. Biz ham shunday qilishimiz kerak, dedim»

«Ko'p murabbiylar buni tahlil qilishlariga ishonmayman. Ammo bu zo'r narsa – agar hammasini to'g'ri bajarsangiz, to'pni egallab hujum boshlash mumkin, agar iloji bo'lmasa, himoyani mustahkamlash uchun vaqt yetarli bo'ladi».

«O'sha o'yinda biz markaziy hujumchisiz harakat qildik. Ko'p jamoalar ular bilan 4-5-1, ba`zilar 4-4-2 o'ynashga urinishdi. Biz yaqqol hujumchisiz o'ynab, to'psiz qolganimizda Benteke bilan Zaaga imkon qadar qanotlardan o'rin olishni tushuntirdim. «Chelsi»ning markaziy o'yinchilari ularga e`tibor bermaslikni ham yoki yopish uchun qanotlarga borishni ham bilmay qolishgandi. Biz ularni dovdiratib qo'ygandik...».

7. HUJUM ChIZIG'IDAGI FUTBOLChILAR SAVIYaLI BO'LIShI KeRAK
Bu tushunarli. «Sanderlend»da Jyermeyn Defo, «Kristal Pelas»da Benteke, Zaa, Taunsend...

«To'p hujum chizig'iga yetkazib berilsa, yaxshi, ammo u yerda to'pni nima qila olishlari ham juda muhim».

Qahramon Aslanov tayyorladi