Tuyaqushlarni tijorat maqsadlarida yetishtirish taxminan 1860 yillarda Janubiy Afrikada boshlangan. 1869 yilda tuyaqushlar tuxumi uchun birinchi inkubator ixtiro qilingan va tuyaqushlarni ko'paytirish juda yaxshi foyda keltiruvchi mashg'ulotga aylangan. 

XX asr boshida bu soha gullab-yashnadi. 1940 yilda tuyaqushlar soni 1 millionni tashkil qilganda tuyaqushchilik sanoati barbod bo'ldi. Bu Birinchi jahon urushidan keyingi umumiy ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, ayollar modasiga kuchli ta`sir o'tkazgan hodisa - avtomobillarning ko'payishi (gap ayniqsa shlyapalar haqida, zero o'sha davrning ochiq kabrioletlarida ayollar shlyapasi shamolda uchib ketgan), shuningdek yaxshi tashkil qilinmagan patlar sotiluvchi bozorga bog'liq bo'lgan. Inqiroz 1945 yilgacha, JARdagi barcha tuyaqushchilik bilan shug'ullanuvchi korxonalarni birlashtirgan Klein Karoo jamiyati tashkil qilingunga qadar davom etgan. Tashkiliy kimoshdi savdolarining o'tkazilishi, sotuvlarning tuzilmalarini tuzish - bularning bari sohani chuqur inqirozdan olib chiqishga yordam bergan. 

Bugungi kunda tuyaqushchilik rivojlanib bormoqda. Xususan, O'zbekistonda ham. Farg'ona viloyati, Rishton tumanidagi “Straus farm” qo'shma korxonasi tuyaqush boqishga ixtisoslashgan fermadir.    

Ferma 2015 yilning oktabrida ishga tushgan bo'lib, o'z faoliyatining birinchi mavsumidayoq tuyaqushlarning barqaror o'sish ko'rsatkichlarini namoyish qildi. 2016 yil mavsumi oxirida fermadagi tuyaqushlar soni deyarli 400 boshni tashkil qiladi. 

“Bunday fermer xo'jaligining foydali tomoni shundaki, tuxumi ko'p, pati mo'l, tirnog'i olmos yuvishda ishlatiladi. Toshkentda terisi qayta ishlanib, ayollarning sumkalari, hamyonlar chiqarilmoqda”, - deydi fermadagi tuyaqush boquvchisi Ilyos Sohibnazarov.

Korxona yuqori sifatli parhez go'shti va teri ishlab chiqarishga yo'naltirilgan. Fermani yaratishda JAR va Ukrainadan mutaxassislar jalb etilgan. Jumladan, maydonlarini rejalashtirish, ferma binosi va qurilishini loyihalashtirish, shuningdek texnologik jihozlarni tanlash ularning tajriba va tavsiyalari asosida amalga oshirilgan. 

Keyingi 2 yil davomida tuyaqushlar sonini 3000 boshgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.