Barchamizning oddiy va oliy orzu niyatlarimizdan biri bag'rimizda ulg'ayib, voyaga yetayotgan farzandlarimizning baxti kamolini ko'rishdir. Ammo oramizda farzandi salomatligini tiklash yo'lida dardu g'am chekib yashayotganlar ham bor. 

KUN.UZ tahririyatiga 1 yoshdan oshgan Abdulazizning onasi yordam so'rab murojaat qildi. Ayni kunda uning farzandi oqqon tashxisi bilan shifoxonada davolanmoqda. 

O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti ma`lumotnomasiga ko'ra, Abdulaziz institutning 1-bolalar bo'limida 2017 yilning 27 iyul kunidan beri davolanmoqda. Uning tashxisi: chuqur limfoblast leykoz, 1-faol davri.

Bolaning onasi so'zlariga ko'ra, joriy yilning 26 iyun kuni tahlil topshirilganida, qonda oqqon donachalari ko'p ekani haqida ma`lum bo'lgan. 

“Kelganimizda ahvoli og'ir edi. To'rt marta qon quyishdi, 6 marotaba tromba qo'yildi, 2 marta plazma quyildi, 5 bora kimyo terapiyasini oldi. Eng kuchli antibiotik – anbizol oldi. Hozirda ahvolida o'zgarish bor. Birinchi kurs tugadi, endi ikkinchi davolanish kursini oladi. Yana beshta kurs bor. 87 foizlik oqqon tashxisi qo'yilgan. Moskvaga tahlil jo'natganimizda, u yerdan ham oqqon javobi keldi. Hozir yana to'rtta kurs olamiz, bitta kursda 6 ta kimyo terapiyasi oladi. Dorilari juda qimmat, shunga yordam so'ragandik. Bolam juda kichkina. Mablag' yetarli bo'lsa, chet davlatga olib chiqishim kerak”, - deydi mushtipar ona.

Uning aytishicha, bitta kursga 2 ming AQSh dollari ketadi. Oldinda hali to'rtta kurs bor. 

“Mablag' ko'proq yig'ilsa, Hindiston yoki Rossiyaga olib bormoqchiman”, - dedi u.

Hurmatli o'quvchilar, endigina 1 yoshdan oshgan Abdulazizga qo'limizdan kelgancha yordam beraylik. Sizlardan mablag'ni yig'ishda yordam berishingizni so'raymiz!

Abdulazizning onasi telefon raqami - +998974222119
Hisob raqami: Agrobank
8600 0417 4651 3598
Tashmuxamedova Nargiza