12 sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholining kam ta`minlangan qatlamini qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida»gi PQ-3268 sonli qarori qabul qilindi. Qaror matni Prezidentning rasmiy saytida e`lon qilindi.

Prezident qaroriga ko'ra, bir qator idora va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilayotgan aholining kam ta`minlangan qatlamini 2017–2018 yillarda ijtimoiy jihatdan qo'llab-quvvatlash hududiy manzilli dasturlari ma`qullangan.

Ushbu hududiy manzilli dasturlar quyidagilarni nazarda tutadi:

a) mehnat bilan bandlikning ma`lum bir turlari bilan shug'ullanish istagida bo'lgan kam ta`minlangan oilalarga ularning oilasini o'ziga yetarliligini ta`minlovchi mikrokreditlar tijorat banklarining imtiyozli kreditlash maxsus fondi mablag'lari hisobidan quyidagi maqsadlarga ajratiladi:

- tikuv mashinalari, matolar va boshqa sarf materiallari, kosibchilik faoliyati uchun inventarlar, maishiy, kompyuter va boshqa texnikalar, shuningdek, mehnat bilan bandlikni ta`minlovchi boshqa asbob-uskunalar xarid qilish uchun;

- shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish (mini-issiqxonalar barpo etish, chorva mollari, parranda sotib olish, og'ilxona va tovuqxona qurish, bog'dorchilik inventarlari va asboblari xarid qilish) va uy joy ta`miri uchun;

b) og'ir uy-joy va maishiy sharoitlarda yashovchi, boquvchisini yo'qotgan, nogironlarni parvarishlayotgan oilalarga quyidagi maqsadlarda beg'araz yordam ko'rsatiladi:

- 2017 va 2018 yillarda respublikada uy-joyi bo'lmagan yoki avariya holatidagi va puturdan ketgan uy-joylarda yashovchi har bir tumandan 2 ta, har bir shahardan esa 5 oilaga 10 yil mobaynida ixtiyoriga olish huquqisiz arzon uy-joylar xarid qilishda;

- 2017 va 2018 yillarda respublikadagi tumanlarning har biridan 10 ta, shaharlardan esa 25 ta kam ta`minlangan oilaga turarjoy ta`miri (tomni ta`mirlash, yangi pol o'rnatish, derazalarni almashtirish va sh.k.) o'tkazishda;

- respublikaning har bir tumani va shaharidan 70 tadan oilaga har yili maishiy texnika (gaz va elektr pechlar, muzlatkichlar, tikuv mashinalari va sh.k.) yoki bir bosh yirik shoxli qoramol xarid qilishda;

- respublikaning har bir tumani va shaharida og'ir kasali mavjud, davolatish uchun to'lov qilishda mablag'i yo'qligi aniqlangan o'rtacha 6 tagacha kam ta`minlangan oilaga tibbiy xizmatlarini to'lashda.

Prezident Qaroriga ko'ra O'zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshida Jamoatchilik ishlari fondi tuziladi.

O'zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda mamlakatning barcha hududlaridagi, ayniqsa qishloq joylar va chekka hududlardagi mehnat bilan band bo'lmagan fuqarolarini aholi punktlarini, mahallalarni,  obodonlashtirish bo'yicha jamoat ishlariga — ariqlarni va irrigatsiya tarmoqlarini tozalashga, turarjoy-kommunal xo'jalik ob`yektlarini ta`mirlashga, infartuzilmani yaxshilashga, yo'llar va ko'chalar, turarjoy fondi va unga yondosh hududlarni ob`yektlarini ta`mirlashga, shuningdek, qishloq xo'jaligi ishlariga keng jalb qilish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi belgilanmoqda.

Aholining band bo'lmagan qatlamini mehnatga jalb qilish 2017 yilning 1 oktabridan Qorqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bittadan tumanida tajriba tariqasida, 2018 yilning 1 yanvaridan bosqichma-bosqich respublikaning barcha tumanlarida amalga oshiriladi.

O'rnatilayotgan tartibga ko'ra,

- jamoat ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslar ularning Jamoatchilik ishlari fondi mablag'laridan olgan daromadi jismoniy shaxslarning daromadidan to'lanadigan soliqdan ozod qilinadi;

- jamoat ishlariga jalb qilinayotgan jismoniy shaxslarning Jamoatchilik ishlari fondi mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan mehnat haqi yagona ijtimoiy to'lovga tortilmaydi;

Qarorga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari va moliya vazirliklariga 2017–2018 yillarda 14 yoshgacha farzandlari bo'lgan oilalarga yordam puli va kam ta`minlangan oilalarga moddiy yordam berish ko'rinishida kam ta`minlangan oilalarni qo'llab-quvvatlash uchun byudjyet mablag'larini ko'paytirish, yordam pullari oluvchi kontingentni mos ravishda 1,5 va 2 barobar kengaytirishni ta`minlash vazifasi topshirilgan.

O'zbekiston Respublikasi moliya vazirligiga 14 yoshgacha farzand tarbiyalayotgan oilalarga yordam puli va kam ta`minlangan oilalarga moddiy yordam to'lashni moliyalashtirish uchun qo'shimcha byudjyet mablag'lari ajratish vazifasi topshirilmoqda.