13:30 / 13.09.2017
28143

Qirg‘iziston prezidenti Toshkentga tashrifni qachon amalga oshirishi ma'lum qilindi

Foto: O‘zbekiston 24

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev 5-6 oktabr kunlarida Toshkentga tashrifni amalga oshirishni rejalashtirgan. Bu ma'lumotni «24.kg» agentligi davlat rahbari apparatidagi manbaga asoslangan holda tarqatgan.

Qayd etilishicha, Qirg‘iziston rahbari O‘zbekistonga javob tashrifini amalga oshiradi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftada Bishkekka tashrifi vaqtida qo‘shni davlat rahbarini Toshkentga taklif qilgandi. Shavkat Mirziyoyev Atamboyevga Bishkekka safari yakunlari bo‘yicha minnatdorchilik maktubi yo‘llagan.

O‘zbekiston rahbari hukumatga yaqin kunlar ichida erishilgan kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishini ta'minlash hamda muzoraka va uchrashuvlar natijasi bo‘yicha imzolangan bitimlar asosida yo‘l xaritasini ishlab chiqish topshirig‘ini bergan.

«Sizning O‘zbekistonga ikki davlatning ko‘plab sohalardagi hamkorligini chuqurlashtirish yo‘lidagi muloqotni davom ettirish uchun javob tashrifi amalga oshirishingizni sabrsizlik bilan kutamiz», — deyilgan maktubda.

Almazbek Atamboyevning Toshkentga tashrifi doirasida biznes-forum va ikki mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Top