«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida»gi Qonunning yangi tahriri kuchga kirdi. U 11.09.2017 yildagi O'RQ–445-son Qonun bilan tasdiqlandi. 
 
Norma.uz’ning yozishicha, tushunchalar apparati va amal qilish sohasi kengaytirildi.

Qonun endi davlat ishtirokidagi tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.  Bundan tashqari, hujjatda foydalaniladigan atamalar ma`nolari ro'yxati to'ldirildi. Unda elektron, takroriy va anonim murojaatlar, ommaviy qabul, videokonferentsaloqa kabilarning ta`rifini topish mumkin.
 
Murojaatning ko'rib chiqilishi tugatilishi, javoblar – tushuntirilishi va tuzatilishi mumkin
 
Kelib tushgan murojaatlarni ko'rib chiqish tugatilishi mumkin bo'lgan holatlar reglamentlandi:
 
•  agar takroriy murojaatlarda yangi vajlar yoki yangidan ochilgan holatlar keltirilmagan bo'lsa, ilgarigi murojaat materiallarida esa tekshiruvlarning to'la-to'kis materiallari mavjud bo'lsa va murojaat qiluvchiga belgilangan tartibda javoblar berilgan bo'lsa;
•  agar murojaat qiluvchi o'z murojaatini belgilangan tartibda chaqirib olgan bo'lsa yoki uni ko'rib chiqishni tugatish to'g'risida iltimos qilgan bo'lsa;
•  yashash joyi, turgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili yoki boshqa rekvizitlari o'zgarganligi to'g'risida o'z vaqtida xabardor qilmaganligi tufayli chaqirishning imkoni yo'qligi sababli murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz ko'rib chiqish imkoniyati bo'lmaganda;
•  murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz ko'rib chiqish imkoniyati mavjud emasligi sababli, davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmay qolgan taqdirda;
•  agar murojaat qiluvchi jismoniy shaxs vafot etganidan so'ng murojaatni ko'rib chiqish huquqiy vorislikka yo'l qo'ymasa.
 
Shuningdek, qonunda murojaatni ko'rib chiqqan davlat organi, tashkiloti va uning mansabdor shaxslarining unga berilgan javobni tushuntirish majburiyati mustahkamgan. Bunda uning dastlabki mazmuni o'zgarmasligi kerak. Javobda yo'l qo'yilgan xatolar va arifmetik xatolarni murojaatga javobning mazmuniga daxl qilmagan holda tuzatadi.
 
Javobni tushuntirish va uni tuzatish to'g'risidagi iltimos u kelib tushgan kundan e`tiboran 10 kun ichida ko'rib chiqiladi.
 
Murojaatlar bo'yicha ishlar –monitoring ostida
 
Davlat organlarining rahbarlari yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxslari murojaatlarning ko'rib chiqilishi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi, ularning to'liq, xolisona va o'z vaqtida ko'rib chiqilishini ta`minlash choralarini ko'radi va murojaatni nazoratdan va ijrodan oladi.