12 sentabr kuni Kun.uz saytida Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev mahalliy maktablar direktorlarini kaltaklagani tasvirlangan video namoyish etilgach, viloyati hokimligi mutasaddilari bu vaziyatni chuqur o'rganishga kirishdi.

Kun.uz manbasi ma`lumot berishicha, 12 sentabr oqshomida viloyat hokimi  G'ofurjon G'aniyevich Mirzayev Sayxunobod tumaniga kelib, yig'ilish o'tkazgan. Unda tuman hokimi hamda maktablarning direktorlari ham ishtirok etgan, Nosirjon Egamberdiyev o'qituvchilardan uzr so'ragan.

Yig'ilishda ushbu vaziyat yuzasidan hali tegishli chora ko'rilishi, u uzr so'rash bilan qutula olmasligi qayd etib o'tilgan. 

«Hokimning ishi paxta terimi mavsumidan keyin ko'rib chiqiladi. Uning ishda qolishi masalasi taqdiri yuqoridan keladigan ko'rsatmaga bog'liq», degan manba.

Nosirjon Egamberdiyev Sayxunobod tumaniga 2016 yilning oktabrida hokim etib tayinlangandi. U bungacha Sirdaryo viloyati o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmasi boshlig'i bo'lib ishlagan.

Manbaning aytishicha, u avvaldan qattiqqo'lligi bilan ma`lum bo'lgan. Maktab direktorlari unga qarshilik ko'rsatmagani sababi ham shu: u o'ziga qarshi chiqqanlardan qasos olgan. U aloqalari orqali o'ziga qarshi chiqqanlarga turli javobgarliklar yuklagan, «uning qasosidan yoki o'lib, yoki xorijga ketib» qutulish mumkin bo'lgan.

Video: Hokim maktab direktorlarini urdi

Bundan oldinroq Prokuratura tuman hokimi maktab direktorlarini kaltaklagani bilan bog'liq vaziyatni tekshirishni boshlagani ma`lum qilingandi.

«Kun.uz» yuridik maslahatchisi hokim o'z vakolatlari doirasidan chetga chiqib, mushtumzo'rlik qilishi qonunan qanday oqibatlarga ega ekani haqida ma`lumot bergandi.