10:11 / 13.09.2017
10413

Oson boylik vasvasasi

Ramziya Turg‘unova va Aliya Yaminovalar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Xorazm viloyatidan kelib, Ohangaron tumanidagi xonadonlardan birida vaqtincha yashab kelayotgan Gulida Mamatovaga o‘zlarini uddaburon, barcha muammolarni xamirdan qil sug‘urgandek oson bitirib beradigan qilib ko‘rsatishadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ular Gulida bilan suhbat jarayonida uni shu xonadonga ro‘yxatga qo‘ydirib berishga ishontirishadi. “Ichki ishlar idorasida ishonchli odamimiz bor”, deb uni aldashadi. Ularning gaplariga ishongan G.Mamatova avvaliga 1500 AQSh dollarini ayollarga berib, ishi hal bo‘lishini kutadi. Biroq oradan bir necha oy vaqt o‘tsa-da, R.Turg‘unova va A.Yaminova bergan va'dalarini bajarishmaydi. Uning qo‘ng‘iroqlariga turli bahonalarni ro‘kach qilib yuraveradilar.

Nihoyat, firibgarlardan sado chiqadi. Ular doimiy ro‘yxatga qo‘yish ishlari hal bo‘lgunicha, G.Mamatovani vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yadigan bo‘lishdi. Bu ish ham shunchaki “rahmat”ga emas, balki 500 ming so‘m evaziga amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Bu safar G.Mamatova hushyor bo‘ldi. Ikki ayolning noqonuniy qilmishlari haqida tegishli joyga ariza bilan murojaat qildi. R.Turg‘unova va A.Yaminova jabrlanuvchidan talab qilingan pulni olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlandi. Sud ularning qilmishiga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi.

Top