10:05 / 13.09.2017
21666

Toshkentda Yaponiyaga ketayotgan ishchilarni o‘qitish markazi ochildi

12 sentabr kuni Yaponiyada mehnat faoliyatini amalga oshiradigan fuqarolarni ketish oldidan moslashtirish va o‘qitish markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tashkil etildi. Bu haqda marosimda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri xabar berdi.

Marosimni O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Aktam Haitov ochib berdi va ikki xalqning ham hayot tarzi, madaniyati, san'ati, urf-odatlari o‘xshash ekanligini qayd etdi. 

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi o‘zbek fuqarolarini Yaponiyada mehnat qilishi sohasida hamkorlik qilish uchun faol ishlarni amalga oshirgan. Natijada 2016 yilning 14 mayida Agentlik va Uno korporatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida qaydnoma imzolangan. Yaponiyaning GRANATJapanCo., Ltd., MarukoFoodCo., Ltd., IIDASangyoCo., Ltd., SAIKONTAN Farm, EastSunCo., Ltd va TakeruCo., Ltd kabi qator kompaniyalarda ishlash uchun o‘zbek stajyorlari tanlab olingan. 

Yaponiyaning o‘qitish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha xalqaro tashkiloti (JITCO) va O‘zbekiston Mehnat vazirligi o‘rtasida 2012 yil 28 mayda imzolangan memorandum, shuningdek, Tashqi Mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va «Chuo Sangyo Shinko» assotsiatsiyasi o‘rtasida 2015 yil 26 iyunda imzolangan stajyorlarni texnik tayyorgarlikdan o‘tkazish dasturiga oid bitimga muvofiq, 2017 yilning fevralida 14 kishi Yaponiyada texnik malakani oshirishga ruxsatnoma olishdi. 

Yaponiyaga ketayotgan texnik stajyorlarni moslashtirish va o‘qitish markazi direktori Ulug‘bek Nizomov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan: «Mazkur binoning barpo etilishi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi mustahkam diplomatik aloqalarning yana bir namunasidir. Yaponiyaga mehnat faoliyatini olib borish uchun ketadigan fuqarolarimiz endilikda bu maskanda tayyorlanib, til o‘rganishadi. Keyin esa Yaponiyada 3 yil davomida mehnat qilib, o‘z malakalarini oshirishadi, shuningdek, kunchiqar mamlakatning bilim va tajribasini o‘rgangan holda yangi sarmoyalar bilan Vatanimizga qaytishadi. O‘ylaymizki, markaz fuqarolarimizga boshlang‘ich ta'limni berishda va yapon tili, madaniyati, qonunlarini o‘rganishda yaqindan yordam beruvchi dargoh bo‘lib xizmat qiladi».

Top