Davlat investitsiya qo'mitasi, Turizmni rivojlantirish bo'yicha davlat qo'mitasi, Toshkent shahar hokimiyati va Turkiyaning Demir Group kompaniyasi o'rtasida turizm sohasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha memorandum imzolandi. Hujjatga ko'ra “Chorsu” mehmonxonasi to'liq qayta qurilib, uning o'rniga zamonaviy mehmonxona va biznes markazi quriladi. Bu haqda kommersant.uz xabar bermoqda.

Demir Group  $33 mln lik investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar hamda o'z hisobidan ajratilgan va jalb qilingan sarmoya, tijorat banklarining mablag'i evaziga “Chorsu” mehmonxonasini nol qiymatida xarid qiladi.

Maxsus turistik zona “Eski shahar” nomini olib, mehmonxona, savdo markazi, hunarmandlik ustaxonalari va do'konlarga ega turistik hudud va sog'lomlashtirish komplekslaridan iborat bo'ladi.

Loyihani amalga oshirish uchun xalqaro miqyosdagi mehmonxonalar tarmog'i va brendiga ega hamkor jalb etiladi. Rejaga ko'ra 270 ta xonaga ega to'rt yulduzli mehmonxona, do'konlar, spa hamda bino atrofida obodonlashtirilgan, zarur infratuzilmaga ega hudud yaratiladi.

Shuningdek, majmuada O'zbekistonda ilk bor okeanarium va uning ichida suv osti restorani – “Formula-park” quriladi. Majmua hududida sog'lom turmush tarzini targ'ib qiluvchi “KoVork-markazi”, amfiteatr,  7D xajmdagi kinoteatr, basseyn, fud-kort ham quriladi. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida 350ta yangi ish o'rinlari yartiladi.

Ayni vaqtda mehmonxona hududi 1,9 gani tashkil qiladi, kengaytirish jarayonida maydon  4,9 gektarga yetishi kutilmoqda.

Loyihani amalga oshirish uchun Demir Group tomonidan InterTourism QK MChJ  korxonasi tashkil etiladi.

Yangi korxona 2019 yilning 31 dekabrigacha uskunalar, material, qurilish buyumlari va jihozlar, mebel va inventar uchun bojxona to'lovlari (rasmiylashtirish to'lovlaridan tashqari)dan ozod etilgan.

Shuningdek, InterTourism turzona ishga tushirilgandan so'ng 7 yil muddatga daromad, mol-mulk, yer, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilma, shuningdek Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Respublika yer jamg'armasiga majburiy to'lov hamda soliqlardan ozod etiladi.

“Eski shahar” hududida yaratiladigan tadbirkorlik ob`yektlari, do'kon va boshqalar 3 yilga daromad, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilma, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliqdan ozod etiladi.

“Chorsu” mehmonxonasining tiklanishi ko'rsatmasi Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan, uning Shayxontohur tumaniga amalga oshirilgan tashrifi davomida berildi.

Toshkentdagi “Chorsu” mehmonxonasi ko'p yillardan beri bo'sh turibdi. Ayni vaqtda bino Toshkent hokimiyati binolaridan foydalanish departamenti tasarrufida.