Adliya vazirligi tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga tuzatishlarning tegishli loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Bugungi kunda jinoyat qurollari, kimga tegishliligidan qat`i nazar, musodara qilinishi kerak va tegishli muassasalarga topshiriladi yoki yo'q qilib yuboriladi.

Amaliyotda bu jinoiy faoliyatga daxli yo'q mulkdorlarning mol-mulkini (masalan, ijaraga beruvchilar yoki xizmat mol-mulki mulkdorlari) musodara qilishga olib kelishi mumkin. Bu, o'z navbatida, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi Qonunga ziddir.

Shu munosabat bilan, JPK 211-moddasida quyidagi jihatlarni aniqlashtirish taklif etilmoqda:

•  gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi yoki mahkumga tegishli jinoyat qurollari musodara qilinishi, tegishli muassasalarga berilishi yoki yo'q qilinishi kerak;
•  yuqorida ko'rsatilgan sub`yektlarga tegishli bo'lmagan mol-mulk qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquq vorislariga, shuningdek merosxo'rlariga qaytariladi;
•  qonuniy egalari, mulkdorlari, ularning huquq vorislari yoki merosxo'rlarini aniqlashning imkoni bo'lmasa, mol-mulk davlat daromadiga o'tkaziladi.

Bundan tashqari, MJtK 27-moddasida huquqbuzarning mulki hisoblanmaydigan predmetlar musodara qilinmasligi, bundan muomaladan olib qo'yilgan ashyolar mustasno ekanligini aniqlashtirish taklif qilinmoqda.

Loyiha o'zgartirilishi, to'ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.