21:30 / 14.09.2017
23222

Boks murabbiyi Ziyatdinbek Toygonboyevga O‘zbekiston fuqaroligi berildi

Boks murabbiyi - Ziyatdinbek Toygonboyev o‘zbek boksi rivojiga katta hissa qo‘shgan mutaxassislardan biri. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoni sohibi bo‘lgan Ziyatdinbek - olimpiya o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘smatov, Osiyo chempionlari Sanjar Rahmonov, Shuhrat Abdullayev va yana ko‘plab chempionlarni tarbiyalagan. 

O‘zbekistonda istiqomat qilib, mamlakat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, lekin fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga  fuqarolik pasporti berilishi ularning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlardan to‘la foydalanishiga imkoniyat yaratmoqda.

Kuni kecha Andijon viloyati hokimligida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 15 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq bir guruh shaxslarga fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi. Andijon shahridagi sportning yakkakurash turlariga ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi Ziyatdinbek Toygonboyev ham fuqarolik pasportiga ega bo‘ldi

- Mutaxassisligim bo‘yicha ishlab davlatimizga, halqimizga xizmat qilayotganimdan faxrlanaman, deydi murabbiy. – Ammo fuqarolik pasportim yo‘qligi sabab, ko‘nglimning bir cheti kemtik edi. Prezidentimizning farmoni tufayli orzum ushaldi, yurtimning to‘laqonli fuqarosi bo‘ldim. Ichimda kechayotgan quvonchni so‘z bilan ifoda eta olmayman.

Murabbiyni viloyat sport yo‘nalishi mutasaddilari, hamkasblari ham quvonchli voqea bilan tabrikladilar.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top