14:10 / 14.09.2017
14075

Facebook’da Hillari Klinton haqida post qoldirgan millioner qamoqqa olindi

Foto: AP

AQShda millioner Martin Shkreli feysbukdagi postlari tufayli qamoqqa olindi. Sudning fikricha, moliyaviy nayranglarda ayblanayotgan Shkreli qiymati 5 million dollar bo‘lgan tovon puli evaziga ozod qilish shartlarini buzgan.

Bruklindagi sud qaroriga ko‘ra, Shkrelining ijtimoiy tarmoqlardagi postlari jamiyatga tahdid tug‘diradi. Prokuratura millionerga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqida so‘rab, uning Hillari Klintonning bir tutam sochi uchun besh ming dollar taklif qilgan postini alohida tilga olib o‘tgan. Prokuraturaning ma'lum qilishicha, maxfiy xizmat bu post tufayli Hillari Klintonning qo‘riqlash xizmati ishini kuchaytirishga majbur bo‘ldi.

Shkreli postni hazil, deb atadi hamda uni o‘chirib tashladi. Millioner sudga yozma ravishda uzr so‘raganini ham bildirdi, biroq sudya Kayo Matsumoto buni inobatga olmadi.

Martin Shkreli eshituvlar yakunlangach, sud zalida qamoqqa olindi.

«Balki, uni kimlar o‘qishini bilmas. Balki, kimlardir uning taklifini jiddiy qabul qilishi mumkin ekani haqida ham o‘ylab ko‘rmagan. U kishiga besh ming dollar evaziga hujum qilishga undadi», - degan sudya. 

Martin Shkreli o‘ziga tegishli Turing Pharmaceuticals farmatsevtika kompaniyasi OIV-infeksiyasi terapiyasida qo‘llaniluvchi daraprim dori vositasini ishlab chiqarish uchun huquqlarni sotib olgach, preparat narxini 14 martaga oshirganidan so‘ng «mashhur» bo‘lib ketgandi.

2017 yilning avgustida sud maslahatchilari kollegiyasi Shkrelini, o‘z fondlari investorlarini aldash va Retrophin kompaniyasi mablag‘larini qarzlarni to‘lash uchun ishlatganlikda aybdor, deb topdi. 

Shkreliga hukm hozircha chiqarilmadi. U hammasi bo‘lib 20 yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top