09:53 / 14.09.2017
20635

“Qora oltin” vasvasasi

Neft va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari mamlakatning strategik muhim resurslari hisoblanadi, ularni talon-taroj qilish esa davlatning iqtisodiy salohiyatiga tahdid soladi. 

Bu kabi mahsulotlarning bojxona chegaralari orqali yashirin ravishda olib o‘tilishi va ichki hududda noqonuniy aylanishining oldini olish borasida bojxona xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar xodimlari bilan hamkorlikda tegishli chora-tadbirlarni doimiy ravishda amalga oshirib kelishmoqda.

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining KUN.UZ’ga xabar berishicha, boshqarma xodimlari tomonidan ichki ishlar idoralari vakillari bilan hamkorlikda Karmana tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida fuqaro A.Allayorov boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomashinasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, avtomashina yukxonasida 10 dona 200 litr sig‘imli metall idishlarga solingan salkam 1950 litr benzin yoqilg‘isi noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi aniqlandi.

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasida tashkil etilgan sayyor sudda mazkur holat yuzasidan yuritilgan ma'muriy ish materiali Karmana tumani ma'muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga asosan, daliliy ashyo sifatida olingan 1950 litr benzin yoqilg‘isi hamda 10 dona metall idishlar davlat foydasiga musodara qilindi. Fuqaro Allayorovga nisbatan esa qonunchilikda belgilangan miqdorda jarima jazosi tayinlandi.

Xuddi shunday qonunbuzarlik holatini fuqaro B.G‘aybullayev ham sodir etdi. Uning boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli yuk avtomashinasida boshqa tovarlar ostiga 24 dona 200 litr sig‘imli metall idishlarda 5 tonnaga yaqin benzin mahsuloti yashirilgan ekan. 

Fuqarolar D.O‘roqov va M.Nurmurodovlar boshqaruvidagi avtomashinalar ham to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, har ikkala avtomashina yukxonasida turli tovarlar ostida yashirin tarzda 6100 litr benzin noqonuniy ravishda olib ketilayotgan ekan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda. 

Ta'kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan davrida Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan qonunbuzarlik holatlarida salkam 13 ming litr benzin yoqilg‘isining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yilgan.

Top