15:43 / 14.09.2017
11399

Samarqand viloyatidan asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinmoqda 

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan Tayloq tuman hokimligining amaliy yordami asosida tuman hokimligi binosida tumanda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, fermerlar hamda tumanning mutasaddi va manfaatdor  idoralarining rahbar va  mutaxassislari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda KUN.UZ’ga Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi. 

Tadbirni ochar ekan, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Kodirov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma olti yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidagi iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish va shu tariqa jahon bozorida munosib va mustahkam o‘rin egallash borasida o‘tgan qisqa davrda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida ming¬lab loyihalar amalga oshirilib, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy zavod va fabrikalar barpo etilayotganligiga oid fikrlaridan iqtiboslar keltirdi.

Uchrashuvda tumanda faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘pchilik tadbirkorlik sub'yektlari qatnashayotganligi qayd etilib, respublikada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaqin vaqtlarda qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirib berildi. 

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshliq o‘rinbosari   J.Kodirov viloyatda amalga oshirilgan eksport yuzasidan ma'lumot taqdim etdi.

Ta'kidlanganidek, Samarqand viloyatining tashqi savdo aylanuvi 145 mln AQSh dollaridan ortib, o‘tgan yilga nisbatan 2,39 %ga ko‘paygan.

Eksport qilingan tovarlarning asosiy qismini ya'ni 38 foizini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, 11,5 foizini gilam, 10,4 foizini  paxta tolasi tashkil qildi. Undan keyingi o‘rinlarni esa qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik mahsulotlari va avtotransport vositalari band qilgan.

Respublikada tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida qo‘llaniladigan imtiyoz va preferensiyalar, hamda ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash borasida bojxona organlarida yaratilgan qulayliklar to‘g‘risida ham tadbirda ma'lumotlar taqdim qilindi. 

Uchrashuvda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar tomonidan berilgan  bojxona sohasi bo‘yicha berilgan savollari yuzasidan viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Kodirov me'yoriy hujjatlarga asoslangan javob, tushuntirishlar berib, viloyat bojxona boshqarmasiga 233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni” orqali murojaat  etishi mumkinligini qayd qilib o‘tdi. 

 

Top