18:49 / 14.09.2017
88211

Sanjarbek Iskandarov qayerda qo‘lga olingani ma'lum bo‘ldi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2017 yilning 13 sentabr kuni Toshkent shahar Yashnobod tumani Ichki ishlar boshqarmasi Qo‘riqlash bo‘limi 3-sonli texnik qo‘riqlash markazi safdor xodimlari Oybek Rahimov, Eldor Abdullayev hamda Jasur Isamatovlar soat 20.30larda Yashnobod tumani “Mashinasozlar” mahallasi hududida joylashgan “Shohona” milliy taomlar kafesi oldida xizmat olib borayotgan vaqtlarida, yo‘lakcha bo‘ylab harakatlanib kelayotgan shaxsni ko‘rib, shubha uyg‘onganligi sababli uni shaxsini aniqlash maqsadida to‘xtatib, hujjatlarini so‘ramoqchi bo‘lgan vaqtlarida, ushbu shaxs xodimlarni ko‘rib, qochishga uringan, deb xabar berdi KUN.UZ’ga IIV Qo‘riqlash Bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, xodimlarning hushyorligi tufayli u ushlanib, Yashnobod tumani 53-sonli Shahar ichki ishlar bo‘limiga olib borib tekshirilganda, ushbu shaxs joriy yilning 5 sentabr kuni “Spark” rusumli avtoulovni olib qochib, yashirinib yurganligi sababli Toshkent shahar IIBB tomonidan qidiruvda bo‘lgan Sanjarbek Rahimberganovich Iskandarov ekanligi aniqlangan.  

Avvalroq Sanjarbek Iskandarovga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar berilgandi.

 

Mavzuga oid
Top